Dushanbedan munosabat: Markaziy Osiyo Yevroosiyoning mustaqil diplomatik markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda
Noyabr 16, 2026. 12:00 • 3 daq
• 8
DUSHANBЕ, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Ostonada bo‘lib o‘tgan Aqaba jarayoni doirasidagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi.
– Aqaba jarayoni doirasida Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari vakillari uchrashuvi kengroq siyosiy konteksti bilan ham ahamiyatlidir. Mintaqa mamlakatlari xalqaro tashabbuslarda ishtirok etishdan asta-sekin o‘z xalqaro kun tartibini mustaqil ravishda shakllantirish va ilgari surishga o‘tmoqda.
Ayniqsa, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonning o‘zaro hamkorligi e’tiborga molik. Qozog‘iston uchrashuvga mezbon va hamtashkilotchi sifatida chiqib, Ostonaning tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha xalqaro muloqot maydoni sifatidagi mavqeini mustahkamladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston mamlakatda BMT Aksilterror boshqarmasining mintaqaviy ofisini ochishni taklif qildi. Bu Markaziy Osiyoda xalqaro tuzilmalar ishtirokini kengaytirish va mintaqa davlatlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Yana bir tashabbus Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida “Raqamli davrda jaholatga qarshi ma’rifat” xalqaro dasturini ishga tushirish taklifi bo‘ldi. U raqamli xavfsizlik, ta’lim va ekstremistik tashkilotlarning mafkuraviy ta’siriga qarshi kurashish masalalarini o‘zida birlashtiradi.
Tojikiston Aqaba va Dushanbe jarayonlarining o‘zaro hamkorligini rivojlantirish taklifi bilan chiqdi. Shuningdek, Dushanbedagi Sun’iy intellekt markazi salohiyatiga e’tibor qaratdi. Bu xalqaro mexanizmlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish va ularning amaliy hamkorligini kengaytirish uchun imkoniyatlar ochadi.
Ushbu tashabbuslarga davlatlarning xalqaro ta’sir doirasi uchun raqobati sifatida qaramaslik kerak. Aksincha, ular o‘zaro kelishilgan holda ilgari surilsa, butun mintaqaning mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Yuz berayotgan voqealar Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi o‘rni o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Agar ilgari mintaqa asosan tashqi kuch markazlari manfaatlari nuqtayi nazaridan qabul qilingan bo‘lsa, bugungi kunda uning davlatlari o‘z yechimlarini tobora faolroq taklif etmoqda va xalqaro kun tartibini shakllantirishda ishtirok etmoqda.
Bu jarayonda O‘zbekistonning diplomatik faolligi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlarning tashabbuslari bilan uyg‘unlikda u mintaqaviy subyektlikni mustahkamlashga hamda nafaqat xalqaro muloqot ishtirokchisi, balki uning tashabbuskori sifatida ham maydonga chiqayotgan mintaqa – Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Istiqbolda bu tendensiya Markaziy Osiyoning tinchlik, xavfsizlik va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha Yevroosiyoning mustaqil diplomatik markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashi mumkin. Aqaba jarayoni doirasidagi Ostona uchrashuvi ana shunday rivojlanishning dalillaridan biri bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi