“Daily News Hungary”: Global iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonning daryobo‘yi ekotizimlariga ta’sir ko‘rsatmoqda
Noyabr 10, 2026. 14:30 • 2 daq
• 10
BUDAPЕSHT, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” elektron nashrida global iqlim o‘zgarishining O‘zbekistondagi daryobo‘yi ekotizimlariga ta’siri, atrof-muhitni asrash va tiklash masalalariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon sohillarida shakllangan to‘qayzorlar Markaziy Osiyoning noyob tabiiy boyligi hisoblanadi. Ular mintaqada ekologik muvozanatni saqlash, tuproq eroziyasining oldini olish va biologik xilma-xillikni muhofaza qilishda muhim o‘rin tutadi. Jumladan, Buxoro bug‘usi kabi kamyob hayvon turlarining yashashi bevosita ushbu ekotizimlar bilan bog‘liq.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari, shuningdek, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi sohillarida olib borilgan ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida to‘qayzorlarda o‘simliklarning 632 turi mavjudligi aniqlangan.
Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, yerlarni o‘zlashtirish va chorvani ortiqcha boqish mazkur ekotizimlarga jiddiy xavf tug‘dirayotgani qayd etilgan.
Tadqiqotlar to‘qayzorlar maydonining qisqarib borayotganini ham ko‘rsatgan. Xususan, Farg‘ona vodiysidagi Sirdaryo bo‘yida joylashgan uchta to‘qay massivining umumiy maydoni 1975-yildagi 754 gektardan 2025-yilga kelib 377 gektargacha kamaygan. Ya’ni, yarim asr davomida ularning qariyb 50 foizi yo‘qolgan.
Shuningdek, daraxtlarning yillik o‘sish halqalari tahlili Amudaryo bo‘yida 1949–2022-yillarda radial o‘sish 65 foizga, Sirdaryo bo‘yida 1965–2022-yillarda 83 foizga, Zarafshon bo‘yida esa qariyb 49 foizga kamayganini ko‘rsatgan. Bu holat to‘qay ekotizimlarining ekologik barqarorligi susayib borayotganidan dalolat beradi.
Maqolada iqlim o‘zgarishi tufayli tog‘lardagi qor va muzliklar zaxirasining qisqarishi, daryolar suv rejimining o‘zgarishi, yozgi harorat va suv bug‘lanishining ortishi to‘qayzorlarning tabiiy tiklanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani alohida ta’kidlangan.
Olimlar to‘qayzorlarni saqlab qolish uchun mavjud tabiiy hududlarni muhofaza qilish, mahalliy o‘simlik turlaridan foydalangan holda o‘rmonlarni tiklash, chorvani ortiqcha boqishni cheklash, daryo qayirlarining mavsumiy suvlanishini ta’minlash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish zarurligini ta’kidlagan.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida suv resurslari va ekotizimlar holati bo‘yicha ilmiy ma’lumotlar almashinuvini kuchaytirish, qo‘shma monitoring va tabiiy hududlarni tiklash loyihalarini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi