Daniyada o‘zbek milliy kashtachiligi namoyish qilinmoqda
Fevral 03, 2026. 10:09 • 55 soniya
• 3ORXUS, 3-fevral /“Dunyo” AA/. Daniyaning Orxus shahridagi Vibi xalq kutubxonasida “Kashtada tikilgan madaniy meros” nomli anʼanaviy o‘zbek kashtachiligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir “O‘zbek tashabbuslari” uyushmasi tomonidan O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi, Hunarmand uyushmasi va Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ko‘rgazmada turli uslubdagi anʼanaviy o‘zbek kashtalari namunalari, milliy do‘ppi va kiyimlar, so‘zana, palak, ularga oid Daniya tiliga tarjima qilingan kitob va infografikalar namoyish etildi. Kashta tikish jarayonlarini aks ettiruvchi fotosuratlar ham taqdim qilindi.
Ochilish marosimidan so‘ng kreativ mahorat darsi tashkil etildi. Unda daniyalik qatnashchilar milliy do‘ppi atirgul g‘unchasi motivini tikishni o‘rgandi. Qatnashchilarga o‘zbek milliy kashtachiligi to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi. Bolalar esa kashta naqshlaridan ilhom olib rasmlar chizishdi.
Tadbirda qatnashgan daniyaliklar o‘zbek milliy kashtachiligiga yuqori baho berib, O‘zbekistonga sayohatga qilishga katta qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.
Bu kabi mahorat darslarini Orxus shahardagi boshqa kutubxonalarda ham tashkil etish, Daniyaning ham anʼanaviy kashtasini tikish uslublari hamda boshqa qardosh millatlar uyushmalari faollari bilan o‘zaro do‘stona madaniy almashinuv tadbirlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Ko‘rgazma shu yilning 28 fevralgacha davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




