Germaniyaga Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining amaliy tashrifi boʻlib oʻtdi
Fevral 02, 2026. 19:55 • 55 soniya
• 51BERLIN, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiyaning Germaniyaga ishchi tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar doirasida Germaniyaning Haydelberg, Mannhaym, Estringen, Dyusseldorf va Berlin kabi qator shaharlarida rasmiy uchrashuv, biznes-forum va muzokaralar tashkil etildi.
Muzokaralar markazida investitsiyalar, sanoat, tibbiyot, taʼlim va tizimli mehnat migratsiyasi masalalari turdi. Xususan, Haydelberg va Mannhaym shaharlari rahbariyati bilan hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Jumladan, tibbiyot sohasida Haydelberg universitet klinikasi bilan akademik almashinuv va texnologiyalar transferi boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida suv resurslaridan samarali foydalanish, mashinasozlik va kimyo sanoatida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi. Dyusseldorfda oʻtgan iqtisodiy forumda 50 dan ortiq nemis kompaniyalariga viloyatning investitsiyaviy jozibadorligi taqdim etildi. Natijada, yuk mashinasi haydovchilarini qayta tayyorlash va ishga joylashtirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Safar yakunida Berlinda sunʼiy intellekt, raqamlashtirish va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. “UZ TRADE HOUSE GERMANY GMBH” bilan viloyatning eksport salohiyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha memorandum imzolandi.
Ushbu tashrif Qashqadaryo va Germaniya hududlari oʻrtasidagi hududlararo aloqalarni mustahkamlash va oʻzaro manfaatli loyihalarni ilgari surishda muhim qadam boʻldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi







