Germaniyaning Meklenburg-Old Pomeraniya federal o‘lkasi bilan qator istiqbolli kelishuvlarga erishildi
Fevral 03, 2026. 09:00 • 50 soniya
• 65
BERLIN, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov Germaniyaning Meklenburg–Old Pomeraniya federal o‘lkasi Iqtisodiyot, infratuzilma, turizm va mehnat vazirligi davlat kotibi Yoxen Shulte bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston hududlari va Meklenburg–Old Pomeraniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamda turizm yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar 2026-yilda Yoxen Shulte boshchiligidagi rasmiy va ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.
Ushbu nemis delegatsiyasining tashrifi doirasida Toshkent shahri va viloyatlarda G2B va B2B shaklidagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonlik yoshlarni Germaniyada kasbiy taʼlimga va nemis tiliga o‘qitish, ularni o‘lkaning turizm va gastronomiya sohalaridagi yetakchi kompaniyalariga ishga jalb qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.
Tadbirda Meklenburg Old Pomeraniyaning yirik shaharlarida O‘zbekistonning iqtisodiy va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar ham tashkil etildi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama munosabatlarni yana-da boyitish va kelishilgan tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
