Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Malayziyadagi vatandoshlar bilan uchrashdi

Iyun 02, 2026. 17:55 • 2 daq

61
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Malayziyadagi vatandoshlar bilan uchrashdi
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Malayziyadagi vatandoshlar bilan uchrashdi
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Malayziyadagi vatandoshlar bilan uchrashdi

KUALA-LUMPUR, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakatdagi vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Malayziya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Kuala-Lumpurdagi vakillari, Malayziyaning turli kompaniyalarida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda xorijdagi vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, Xayrullo Bozorov O‘zbekistonda sifatli ta’lim olish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarni egallash uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida yosh vatandoshlarning yangi g‘oya va tashabbuslari muhokama qilinib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiya va tushuntirishlar berildi.

Tadbir ishtirokchilari xorijda orttirgan bilim va ko‘nikmalarini O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishi yo‘lida qo‘llashga hamda mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish