O‘zbekiston diplomatlari Saxalindagi JIEMda saqlanayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi
May 26, 2026. 09:00 • 2 daq
• 303
YUJNO-SAXALINSK, 26-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari xizmat safari bilan Rossiyaning Saxalin viloyatiga tashrif buyurib, u yerda joylashgan 1-sonli jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ayni vaqtda mazkur jazoni ijro etish muassasasi (JIEM)da 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, jazo muddatini o‘tab kelmoqda.
Tashrif davomida diplomatlar mahbuslar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, turar joylar, umumiy ovqatlanish binolari hamda madaniy hordiq chiqarish xonalari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, o‘zbekistonlik mahbuslar bilan umumiy muloqot tashkil etildi.
Suhbat chog‘ida mahbuslarning holidan xabar olinib, jazo muddatini o‘tash jarayonida majburiy mehnat, qiynoq yoki bosim holatlari mavjud yoki yo‘qligi haqida so‘raldi. Shu bilan birga, ularning Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibida Ukraina hududida davom etayotgan harbiy harakatlarda ishtirok etishga majburlanayotgani yoki yo‘qligi ham muhokama qilindi. Vatandoshlar bunday holatlar kuzatilmaganini bildirishdi.
Mahbuslarning ma’lum qilishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari muassasaga vaqt-vaqti bilan tashrif buyurib, jazo o‘tayotgan shaxslar bilan harbiy shirkatlarga jalb etish bo‘yicha suhbatlar olib boradi. Ta’kidlanishicha, bunday takliflarda Ukraina hududidagi “maxsus harbiy operatsiya”da olti oy ishtirok etgan mahbuslarning sudlanganlik holati bekor qilinishi va yuqori miqdorda oylik maosh to‘lanishi haqida ma’lumot beriladi.
Shu munosabat bilan Bosh konsulxona xodimlari O‘zbekiston fuqarolarini chet el davlatlari harbiy tuzilmalari yoki qurolli to‘qnashuvlarida ishtirok etish qonunchilikka zid ekani haqida ogohlantirdi. Ularga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi – “Yollanish” moddasiga muvofiq, bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi tushuntirildi.
Uchrashuv davomida mahbuslar muassasadagi sharoitlardan qoniqayotganini, ammo yaqinlarini sog‘ingani sababli jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash istagini bildirishdi. Ular sud belgilagan muddatning qolgan qismini mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida o‘tash uchun amaliy yordam so‘radi.
Bosh konsulxona xodimlari Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni jazoni o‘tash uchun o‘zaro topshirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma mavjud emasligi sababli, hozircha bunday imkoniyat yo‘qligini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston fuqarolariga Bosh konsulxonaning manzili va telefon raqamlari taqdim etildi hamda zarurat tug‘ilganda murojaat qilishi mumkinligi tushuntirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




