O‘zbekiston delegatsiyasi Pekinda xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Avgust 29, 2026. 12:00 • 2 daq
•TOSHKENT, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 24–26-avgust kunlari Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Umumiy kelajak, Osiyoning yangi sahifasi: Osiyo mamlakatlari yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish” mavzusida Pekin shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda turli mamlakatlarning siyosiy va jamoat arboblari, Xitoy vazirlik va idoralari rahbarlari, diplomatik korpus vakillaridan iborat 200 dan ortiq kishi qatnashdi.
Konferensiyaning ochilishi marosimida Sodiq Safoyev O‘zbekistonda Yangi O‘zbekistonni barpo etish doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari haqida qisqacha so‘zlab berdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda shakllangan yaqin qo‘shnichilik va hamkorlik muhiti alohida eʼtirof etildi. Keng Osiyo mintaqasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘z chiqishlarida Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamjihatlik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni kuchaytirish, umumiy taraqqiyot va farovonlikni taʼminlash muhimligini taʼkidladi.
Konferensiyada ishtirok etgan ayrim xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Butunxitoy xalq vakillari kengashi raisi o‘rinbosari Van Dunmin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish, ikki mamlakat rahbarlari belgilagan vazifalar ijrosini taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Butunxitoy xalq vakillari kengashi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari so‘nggi yillarda yuqori bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Van Dunmin bu jarayonda ikki mamlakat rahbarlarining muhim o‘rnini alohida taʼkidladi.
Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti Gao Syan, Pekin universiteti rektori Gao Sun hamda Sinxua universiteti rektori Li Lumin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Xitoyning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



