“Deseret News”: O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib bormoqda
Yanvar 27, 2026. 19:03 • 3 daq
• 46
SOLT-LEYK-SITI, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. AQShning Yuta shtatidagi “Deseret News” nashrida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Xalqaro ICESCO tashkiloti ijroiy kengashining aʼzosi Muzaffar Kamilovning “O‘zbekistondan Yutagacha: din va ijtimoiy hamjihatlik saboqlari” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozishicha, hozirda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotgani, yaqinda O‘zbekistonga Yuta shtati delegatsiyasi tashrif buyurgani taʼkidlangan.
Yuta tajribasi va O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyot yo‘li bir umumiy haqiqatni tasdiqlashi, yaʼni din faqat ibodat emas, balki maʼrifat, insonparvarlik va ijtimoiy barqarorlik manbai ekani qayd etilgan. Yuta tajribasida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham davlat diniy soha ishlariga aralashmasligi, biroq dinning ijtimoiy hayotdagi ijobiy rolini qo‘llab-quvvatlashi bildirilgan.
“O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Bu muassasalar nafaqat diniy bilimlarni targ‘ib qilishi, balki millatning maʼnaviy o‘zligini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda”, deya fikr bildirgan muallif.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston ochiqlik va xalqaro hamkorlik siyosatini izchil davom ettirar ekan, dunyo miqyosidagi yetakchi davlatlar va mintaqalar bilan amaliy muloqotni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan strategik sheriklik aloqalari yangi mazmun kasb etib, iqtisodiy, investitsiyaviy va maʼnaviy sohalarda yangi yo‘nalishlar ochilmoqda.
“Utah Foundation” maʼlumotlariga ko‘ra, 2021-yilda Yuta “Ijtimoiy kapital indeksi” bo‘yicha AQShning top-10 shtati qatoriga kirgan. Ushbu ko‘rsatkich aholi o‘rtasidagi ishonch, iqtisodiy barqarorlik, oilaviy munosabatlar mustahkamligi, hamjihatlik va jamoat hayotidagi faollik darajasini aks ettiradi.
Shtatning iqtisodiy rivojlanishi ham barqaror yo‘nalishda kechmoqda. “U.S. Census Bureau” va “Gardner Policy Institute” maʼlumotlariga asosan, Yuta iqtisodiyoti so‘nggi yillarda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori surʼatlarda o‘sgan.
2024-yilda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi AQSh miqyosidagi ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, 2010-2020-yillar davomida aholi soni 18 foizga ko‘payib, Yuta Amerikadagi eng tez o‘suvchi shtatlardan biriga aylandi. Bu Yutadagi aholi turmush tarzi ijobiy ekani, oilalar sharoiti uzluksiz ravishda oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Yuta tajribasi jahon miqyosida ham qiziqish uyg‘otadi: iqtisodiy yutuqlar maʼnaviy-axloqiy ustuvorlik bilan uyg‘un holda namoyon bo‘layotgan jamiyatda barqarorlik va farovonlik tabiiy holga aylanadi. Ushbu shtat ko‘p jihatdan boshqa hududlardan farq qiladi. Bu yerda jamiyat hayotida dinning tutgan o‘rni, uning ijtimoiy munosabatlarga taʼsiri va aholining birdamlik ruhini mustahkamlashdagi ahamiyati alohida eʼtirofga loyiq.
Yutadagi ayni shu tajriba nafaqat Amerika uchun, balki boshqa mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston kabi boy maʼnaviyatga ega yurtlar uchun ham o‘rnak bo‘la oladi. Chunki bu tajriba dinning zamonaviy jamiyatda umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tajribadan o‘tgan ijtimoiy kuch sifatida namoyon bo‘lishi mumkinligini yaqqol isbotlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
