Namangan shahrida malakalarni baholash va sertifikatlash markazini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi
Yanvar 17, 2026. 10:00 • 2 daq
• 161
ANQARA, 18-yanvar. /“Dunyo” AA/. Elchixona diplomatlari Turkiyaning Kasbiy malakalarni baholash idorasi tasarrufidagi “Arya” kasbiy malakalarni sertifikatlash markazi masʼullari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot jarayonida Turkiya va Yevropa mamlakatlarida ishlash istagini bildirgan fuqarolar uchun O‘zbekiston hududida kasbiy malakalarni baholash va sertifikatlash sinovlarini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Kasbiy malakalarni baholash idorasi Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi tasarrufidagi idora bo‘lib, kasbiy malaka tizimini yaratish va yo‘lga qo‘yish maqsadida 2006-yilda tashkil etilgan. Markaz tomonidan beriladigan kasbiy malaka sertifikatlari Yevropa mamlakatlarining aksariyat ish beruvchi tashkilotlari tomonidan tan olinadi va ushbu mamlakatlarda ishga joylashish imkoniyatini yaratadi.
Markaz tomonidan 2025-yil davomida 2500 nafar O‘zbekiston fuqarolari kasbiy malaka sertifikatlari bilan taʼminlangan. Ushbu fuqarolarning barchasi “Akkuyu” (Akkuyu Nükleer Güç Santrali) AES qurilishi loyihasiga ishga jalb qilingan.
Suhbat davomida Angren va Guliston shaharlarida kasbiy malaka sinovlarini o‘tkazish uchun tayyorlangan markazlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi. Joriy yil yakuniga qadar, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida maxsus ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi binosi ochilishi, ushbu markazda kasbiy malaka sinovlarini o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilishi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida, 2026-yil davomida “Akkuyu” AES loyihasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan yana 2000 nafar O‘zbekiston fuqarolari uchun Angren va Guliston shaharlarida kasbiy malakalarni baholash va sertifikatlash uchun sinovlarni tashkil qilish, Namangan shahrida ham malakalarni baholash va sertifikatlash markazini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi