O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlar bilan Rossiyaning Omsk viloyatida xavfsizlik va ularning huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qildilar

Avgust 17, 2026. 20:30 • 2 daq

49
O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlar bilan Rossiyaning Omsk viloyatida xavfsizlik va ularning huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qildilar

OMSK, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsuli Aslam Akbarov Omsk shahrida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvlar 15-avgust kuni yong‘in yuz bergan “Kvartali Draverta” mavzesidagi korxona hamda “Belman” yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektining qurilish obyektida mehnat qilayotgan fuqarolar ishtirokida tashkil etildi.

Suhbat chog‘ida vatandoshlarimizga barcha xavfsizlik choralariga, xususan, payvandlash ishlarini olib borishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Mamlakatda bo‘lish qoidalari va migratsiya qonunchiligiga amal qilish, huquq va qonuniy manfaatlar buzilgan taqdirda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish uchun Bosh konsulxonaga murojaat qilish muhimligi taʼkidlandi.

Muloqotda ish beruvchilar tomonidan vatandoshlarimizga ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Fuqarolarimizga Bosh konsulxona Omsk viloyati hududida zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekani bildirildi.

Vatandoshlarimiz ko‘rsatilgan eʼtibor va berilgan tavsiyalar uchun minnatdorlik bildirdi. Ular Rossiyaning Omsk viloyati hududida qonuniy bo‘lib turishga doir masalalarni hal etishda Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxona bilan doimiy aloqa o‘rnatish muhimligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish