O‘zbekiston Prezidenti ramziy tugmani bosib, Xorazm viloyatida yangi loyihalarni ishga tushirdi va qurilish ishlariga start berdi

Avgust 17, 2026. 20:10 • 4 daq

3
O‘zbekiston Prezidenti ramziy tugmani bosib, Xorazm viloyatida yangi loyihalarni ishga tushirdi va qurilish ishlariga start berdi

TOSHKENT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. So‘nggi yillarda Xorazm viloyatini kompleks rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz yilda yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish uchun viloyatga 7,5 milliard dollar investitsiya kiritildi, 9,7 mingta yangi quvvat ishga tushirildi. Kichik va o‘rta biznes loyihalari uchun 33 trillion so‘mdan ziyod kreditlar ajratildi.

Natijada aholining real daromadlari 2 karra oshdi. Sanoat va qurilishda band bo‘lganlar ulushi 18 foizga, xizmatlar sohasida 55 foizga yetdi. Kambag‘allik darajasi 4,4 foizga tushdi, ishsizlik 2 karra qisqarib, 4,5 foizni tashkil etmoqda. 72 ta mahalla “ishsizlik va kambag‘allikdan holi” hududga aylandi.

Viloyatning transport va turizm infratuzilmasi ham izchil yangilanmoqda. Oxirgi to‘qqiz yilda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilib, mehmonxona fondi 4 barobar oshdi, 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirildi. So‘nggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 karra ko‘paydi.

Xiva shahridagi “Farovon Khiva Hotel” mehmonxonasida Prezidentimiz ishtirokida Xorazm viloyatidagi yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli tashabbuslar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

– Yangi O‘zbekistondagi islohotlarimizning ilk kunlaridan yangi ish o‘rinlarini yaratish va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni asosiy yo‘nalish sifatida belgilab olganmiz. Shu maqsadda Xorazm viloyati bo‘yicha ham alohida dastur va qarorlarni tasdiqlab, mablag‘ini ham, masʼullarini ham aniq belgilab, ishlarni tashkil qilyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Agar 2016-yilda Xorazm viloyatiga bor-yo‘g‘i 30 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshmoqda.

Yil boshidan Urganch va Xiva shaharlari, Tuproqqalʼa va Urganch tumanlarida kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari va turizm yo‘nalishlarida yangi loyihalar uchun zarur sharoitlar yaratildi. Sanoat uchun 195 gektar yer maydonining toifasini o‘zgartirish, elektr va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratish masalalari hal etildi.

Shuningdek, Mustaqillik bayrami arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xivagacha elektrlashgan temir yo‘l liniyasi foydalanishga topshirildi. Urganch–Xiva pulli avtomobil yo‘li ham ishga tushirilmoqda. Bu mamlakatimizdagi birinchi pulli avtomobil yo‘li bo‘ladi. U orqali Urganchdan Xivaga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqaga qisqaradi.

– Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz, – dedi Prezident.

Jumladan, Tuproqqalʼa tumanida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan umumiy qiymati 6 milliard dollarlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga Xitoyning “Sinopec” kompaniyasi jalb etilgan bo‘lib, yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan.

Slovakiyalik hamkorlar bilan 5 ming gektar qumli yerni o‘zlashtirish va 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirning o‘zida 1,5 ming gektar maydonda amaliy ishlar boshlangan.

Urganch shahrida yaponiyalik hamkorlar bilan 30 million dollarlik 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmuasi barpo etilmoqda. Uni 2027-yilda to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Saudiyalik hamkor bilan viloyat markazida zamonaviy qozonxona qurilib, 183 ta ko‘p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy obyektni issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlash quvvatlari yaratiladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologiya klinikasi tashkil etiladi.

Urganch tumanida koreyalik investorlar ishtirokida respublikada ilk bor chiqindilarni yopiq sikl asosida qayta ishlab, 71 megavatt “yashil” energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Unga 100 million dollar investitsiya kiritiladi.

Shuningdek, Xiva shahriga tutash 26 gektar maydonda 120 million dollarlik “Sahro yulduzi” zamonaviy turistik majmuasi, Urganch tumanida 26 million dollarlik mis sanoati klasteri va 60 million dollarlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.

Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan zamonaviy universitet, mehmonxona, dam olish va savdo majmualari, Urganch shahrida esa “Investorlar uyi” binosi quriladi.

Umuman, ushbu loyihalar natijasida 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar va jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirdi.

Prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va qurilish ishlariga start berdi. Investorlar va faollar bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish