O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Uzoq Sharqidagi vatandoshlarning mehnat va yashash sharoitini o‘rgandi
Sentabr 09, 2026. 08:10 • 2 daq
• 91VLADIVOSTOK, 9-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugi hududlarida turli kompaniyalarda mehnat qilayotgan 250 nafardan ortiq vatandoshlarimiz hamda korxonalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvlar davomida fuqarolarimizning mehnat va yashash sharoitlari, ovqatlanishni tashkil etish hamda ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi masalalari atroflicha o‘rganildi.
Hamyurtlarimizga Bosh konsulxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish qoidalari va xavfsizlik talablari tushuntirildi. Shuningdek, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari hamda mehnat migratsiyasi sohasidagi so‘nggi qarorlar haqida maʼlumotlar berildi.
Korxonalar rahbarlari bilan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari muhokama qilinib, bir qator lavozimlarga O‘zbekiston fuqarolarini jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ish beruvchilarga O‘zbekiston fuqarolarini xorijda uyushqoqlik bilan va qonuniy ishga joylashtirish tartibi, shuningdek, Migratsiya agentligi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida maʼlumot taqdim etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




