O‘zbekiston Misrning yetakchi sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi
Fevral 24, 2026. 15:19 • 48 soniya
• 55
QOHIRA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Misrning yetakchi “Travco Holidays” sayyohlik kompaniyasi bosh direktori Moataz Sedki bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida O‘zbekistonning boy tarixiy va maʼnaviy merosi misrlik sayyohlarda tobora katta qiziqish uyg‘otayotgani qayd etildi. Moataz Sedki O‘zbekiston shunchaki dam olish maskani emas, balki Imom Buxoriy, Ibn Sino va Al-Xorazmiy kabi buyuk alloma va mutafakkirlar merosi bilan bog‘liq yo‘nalish, islom sivilizatsiyasi manbalarini aks ettiruvchi maskan ekanini alohida eʼtirof etdi.
Tomonlar sayyohlik almashinuvini faollashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etdi. Bundan tashqari, “Sivilizatsiya ildizlariga sayohat” konsepsiyasi doirasida O‘zbekistonni Misr bozorida ilgari surish, ilmiy va madaniy doiralar bilan hamkorlikni kengaytirish va ixtisoslashtirilgan madaniy sayyohlik paketlarini ishlab chiqish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Misr tomoni hamkorlikdagi strategiyani amalga oshirish va izchil rivojlantirish O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi madaniy turizm markazlaridan biriga aylanishi uchun sharoit yaratishiga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
