Hindistonda o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha birinchi to‘liq bakalavriat dasturi ishga tushirilmoqda
Fevral 24, 2026. 17:03 • 3 daq
• 19
DEHLI, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. Hindistonda o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatini akademik o‘rganish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dehlida joylashgan Jamiya Milliya Islomiya markaziy universiteti (Jamia Millia Islamia – JMI) yangi o‘quv yilidan boshlab o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyati bo‘yicha to‘rt yillik bakalavriat dasturi ishga tushirilishini eʼlon qildi. Oliy taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ushbu qaror mamlakatda o‘zbek tilini o‘qitish tarixida yangi sahifa ochadi hamda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida taʼlim sohasidagi aloqalar rivojida muhim bosqich bo‘ladi.
Jamiya Milliya Islomiya 1920-yilda tashkil etilgan va Hindistonning yetakchi universitetlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu yirik ilmiy-taʼlim markazida minglab talabalar gumanitar va tabiiy fanlardan tortib, muhandislik, huquq, meʼmorchilik va stomatologiyagacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarda tahsil olmoqda.
Universitet Institutlarni reytinglash milliy tizimi (National Institutional Ranking Framework - NIRF) talqiniga ko‘ra, mamlakatning eng yaxshi 3 ta oliy o‘quv yurti qatoridan barqaror tarzda joy olib kelmoqda. QS World University Rankings xalqaro reytingida esa mazkur muassasa Janubiy Osiyo taʼlim markazlari orasida yetakchi o‘rinlarni egallaydi.
Yangi bakalavriat dasturining yo‘lga qo‘yilayotgani universitetda o‘zbek tilini ommalashtirish borasidagi ko‘p yillik mehnatning mantiqiy davomi bo‘ldi. 2004 yildan buyon O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ko‘magida bu yerda O‘zbek tili kurslari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Shu vaqt ichida yuzlab hind yigit-qizlari ushbu kurslarni bitirib chiqdi va bugungi kunda olgan bilimlarini turizm va biznesdan tortib diplomatiya va ilmiy tadqiqotlargacha bo‘lgan turli sohalarda muvaffaqiyatli tarzda qo‘llamoqda. Hozirgacha universitetda o‘zbek tili bo‘yicha bir yillik sertifikat va diplom dasturlari mavjud bo‘lib, bakalavriat bosqichi talabalari o‘zbek tilini qo‘shimcha fan sifatida o‘rganish imkoniyatiga ham ega edi.
To‘liq to‘rt yillik bakalavriat dasturining ochilishi o‘zbek tilini o‘qitish jarayonini yanada chuqurroq va tizimli darajaga olib chiqmoqda. Bu hind talabalariga o‘zbek filologiyasi va madaniyati sohasida tadqiqotlar olib borish imkonini beradi, kelajakda sharqshunos olimlar, tarjimonlar va amaliyotchi mutaxassislar tarbiyalanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
- So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan izchillikni namoyish etmoqda, - deydi universitet professori Shahid Taslim. - Bakalavriat dasturining ochilishi xalqlarimizni bog‘lovchi va o‘zbek xalqi merosini nafaqat Hindistonda, balki butun Janubiy Osiyo mintaqasida targ‘ib qiluvchi amaliy ko‘prik bo‘ladi.
Ushbu voqea so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanish va islohotlar jarayoniga dunyoda bo‘lgan ulkan qiziqishning ifodasidir. Mamlakatimizning ochiqligi, boy madaniy-tarixiy merosi va jadal rivojlanishi o‘zbek tili va madaniyatini xorijda o‘rganish uchun tobora jozibador qilib bormoqda.
Bundan tashqari, yangi dasturning ishga tushirilishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi taʼlim sohasidagi izchil va faol hamkorlik tufayli amalga oshdi.
Shunday qilib, Jamiya Milliya Islomiya bakalavriat darajasida o‘zbekshunoslik bo‘yicha kompleks dasturni taklif qilgan Hindistondagi birinchi universitetga aylandi. Bu o‘z faoliyatini Markaziy Osiyo bilan bog‘lamoqchi bo‘lgan hind yoshlari uchun keng istiqbollar ochadi va Hindistonda o‘zbek tili va madaniyatini yanada jadal targ‘ib qilish uchun kuchli turtki bo‘ladi.
Yangi o‘quv yili uchun qabul to‘g‘risidagi eʼlon universitet saytida chop etildi. Dastur o‘zbek tilini chuqur o‘rganish, mumtoz va zamonaviy adabiyot, shuningdek, O‘zbekistonning madaniy anʼanalarini chuqur tahlil qilishni o‘z ichiga oladi.
Shuni ham taʼkidlash joizki, universitetning ikkita o‘quv binosi buyuk o‘zbek olimlari va mutafakkirlarining ilmiy-maʼnaviy merosiga bo‘lgan yuksak hurmat ramzi sifatida Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan ataladi.
Dastur bitiruvchilari uzoq muddatli istiqbolda Toshkent va Dehli o‘rtasidagi madaniy va iqtisodiy muloqotning asosiy vositachilari bo‘lishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
