Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari Kreml Davlat saroyida tantanali konsert bilan ochildi
Oktabr 06, 2026. 17:30 • 2 daq
• 18
MOSKVA, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Moskva shahridagi Kreml Davlat saroyida O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida “Yangi O‘zbekiston jilosi” nomli konsert dasturi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda ikki mamlakat rasmiy shaxslari, Rossiya va O‘zbekistonning madaniyat hamda ishbilarmonlik doiralari vakillari, diplomatlar, san’at arboblari va vatandoshlarimiz ishtirok etdi. Umumiy hisobda 5 mingdan ortiq tomoshabin yig‘ildi.
Sahnada O‘zbekiston san’at ustalari, O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, G‘ulomjon Yoqubov, Jenisbek Piyazov, Mansur Toshmatov, Ilyos Arabov, Mukarram Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli va boshqa ko‘plab taniqli san’atkorlar chiqish qildi.
Konsert dasturida “Katta ashula”, “Dilorom”, “Dilbarginam”, “Namangan tanovori”, “Mavrigi”, “Lazgi” kabi an’anaviy o‘zbek asarlari, shuningdek, “Kadril”, Puchchinining “Turandot” operasidan ariya hamda “Con te partirò” kabi rus va jahon klassikasi durdonalari yangradi.
Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlarining o‘tkazilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar va ijodiy aloqalarni mustahkamlash, do‘stlik hamda o‘zaro anglashuvni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘lib, rossiyalik tomoshabinlarni respublikamizning boy musiqiy va xoreografik merosi bilan yaqindan tanishtirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi