Toshkentda erishilgan oliy darajadagi O‘zbekiston–Serbiya kelishuvlari hamkorlikning aniq natijalari va amaliy shakllariga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratmoqda
Fevral 03, 2026. 10:37 • 2 daq
• 29
BELGRAD, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasida Serbiya tomonining 2025-yil oktyabr oyida Toshkentga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha maslahatlashuvlar doirasida bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida Prezident Aleksandr Vuchich Serbiya – O‘zbekiston munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganini qayd etib, O‘zbekiston Prezidentiga samimiy hurmatini izhor etdi hamda ikki davlat o‘rtasidagi konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladi.
Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini batafsil muhokama qilib, ularni strategik sheriklik, ishonch va oliy darajadagi amaliy muloqot asosida yanada chuqurlashtirishga o‘zaro intilishlarini tasdiqladi.
Davlat rahbarlari o‘rtasida, eng avvalo, iqtisodiyot, investitsiya va savdo sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari va taraqqiyot institutlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish va yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, O‘zbekiston va Serbiya kompaniyalari va moliya institutlari o‘rtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish, sanoat, infratuzilma va innovatsiyalarga eʼtibor qaratgan holda tarmoqlararo hamkorlikni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Toshkentda erishilgan kelishuvlar o‘rta muddatli istiqbolda hamkorlikning aniq natijalari va amaliy shakllariga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratishi qayd etildi.
Tomonlar tashqi siyosat va iqtisodiyot idoralari yo‘nalishida sermazmun siyosiy maslahatlashuvlar va saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqlab, ikki tomonlama muloqotning barqaror surʼatini saqlab qolish muhimligini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
