Italiya–O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Yanvar 17, 2026. 11:10 • 3 daq
• 126
RIM, 17-yanvar. /“Dunyo” AA/. Italiya Deputatlar palatasida Italiya–O‘zbekiston savdo palatasi tashabbusi bilan xalqaro konferensiya tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Elchixona hamda Italiya savdo palatalari uyushmasi ko‘magida, gibrid formatda o‘tkazilgan ushbu tadbirda davlat tashkilotlari, ishbilarmon va ekspert doira vakillari hamda jurnalistlardan iborat yuzdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Konferensiyada O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, yurtimizda faoliyat yuritayotgan Italiya kompaniyalarining muvaffaqiyatli biznesi tarixi haqida taqdimot namoyish qilindi.
Tadbir qatnashchilari Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, O‘zbekiston va Italiya qishloq xo‘jaligi vazirlari Ibrohim Abdurahmonov (onlayn tarzda) va Franchesko Lollobrijida, ikki mamlakat elchilari Abat Fayzullayev va Guido De Sanktis (onlayn tarzda) ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari bo‘yicha so‘z yuritdi.
Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida mamlakatlar o‘rtasidagi agrar, iqtisodiy va taʼlim sohalaridagi hamkorlik aloqalarini alohida eʼtirof etdi. U O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgani va hamkorlikni rivojlantirishda qator loyihalarni amalga oshirishga erishgani xususida to‘xtalib o‘tdi.
Franchesko Lollobrijida Italiyada shu yilning 22–23-mart kunlari umummilliy referendum o‘tkazilishi rejalashtirilganiga qaramay,
23–24-mart kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan “Italiya – Markaziy Osiyo – Ozarbayjon” formatidagi xalqaro forumda ishtirok etishini maʼlum qildi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z nutqida iqtisodiy va institutsional islohotlar, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan tizimli yangilanishlar haqida so‘z yuritdi.
Ilmiy va taʼlim sohasidagi hamkorlik doirasida Samarqand shahrida Italiyaning Tushia universiteti filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Elchixona rahbari Abat Fayzullayev ishtirokchilarga O‘zbekistonning investitsion salohiyati, yurtimizda xorijiy tadbirkorlar uchun mavjud keng imkoniyatlar, turli yo‘nalishdagi istiqbolli qo‘shma loyihalar va imtiyozlar haqida maʼlumot berdi.
Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlar, xususan, Investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish bo‘yicha kelishuv doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarining kengayishiga keng yo‘l ochib berilgani aytildi.
Konferensiya dasturga asosan Italiya Tashqi ishlar vazirligi Mamlakat tizimini targ‘ib qilish bo‘yicha Bosh direktor Mauro Battokki, Tashqi savdo agentligi prezidenti Matteo Zoppas, “UNIONCAMERE” savdo palatalari uyushmasi prezidenti Andrea Prete, Italiya Senatining Yevropa Ittifoqi Siyosati qo‘mitasi raisi Marko Skurriya boshqa nufuzli shaxslar so‘zga chiqib, ikki mamlakatning strategik hamkorlik aloqalari haqida fikr yuritdi.
“Kompaniyamiz 2021-yilda O‘zbekistonga kirib keldi va xorijiy investorlarga yaratilgan sharoit, ochiqlik, paxta yetishtirishdan yuqori sifatli mato ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq taʼminot zanjiri mavjudligiga guvoh bo‘lgach, to‘rt bosqichli loyihani amalga oshirishni boshladi. 2022–2025-yillarda fabrikada ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oshirildi. 2025-yakuniga kelib, ishchilarning umumiy soni 270 nafarga, ishlab chiqarish liniyasi 11 taga yetdi va 9,5 million dona mahsulot ishlab chiqarildi”, deydi “Cotonella” kompaniyasi bosh menejeri Renato Spanyolo.
Renato Spanyoloning taʼkidlashicha, uchinchi bosqichda “Cotonella Spa”ga to‘liq tegishli yangi fabrika qurilib, foydalanishga topshiriladi. Maqsadli ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 12 ming kvadrat metrli hududda barpo etilayotgan fabrikada 600 ishchi o‘rni yaratiladi va yiliga 20 million dona mahsulot ishlab chiqariladi.
Konferensiya davomida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirining Italiyadagi maslahatchisi Marko Farchi ishtirokchilarga O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhiti, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma kompaniyalar tashkil etish, migratsiya sohasida Italiya kompaniyalariga ishchilar jalb etish imkoniyatlari hamda taʼlim va tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari haqida maʼlumot berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi