O‘zbekistonlik talabalar Pokistonda o‘tayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etmoqda
Yanvar 11, 2026. 10:10 • 2 daq
• 208
ISLOMOBOD, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Pokiston Fan va texnologiyalar milliy universitetida (NUST) tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish uchun Islomobod shahriga kelgan bir guruh vatandosh talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan qator muhim tashabbuslar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Xorijda tahsil olayotgan va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandosh yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi. Hozirgi kunda yoshlar innovatsion va ijtimoiy g‘oyalarni ilgari surishda, shuningdek, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishda asosiy kuch bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, elchixona faoliyati, xususan, oliy taʼlim sohasida ushbu mamlakat universitetlari bilan erishilgan kelishuvlar, qo‘shma taʼlim dasturlari va loyihalar, shuningdek, o‘zbekistonlik yoshlar uchun ajratilgan grantlar haqida maʼlumot berildi.
Vatandosh talabalar, o‘z navbatida Pokistonga tashriflari hamda xalqaro konferensiyadagi ishtiroklari Ozarbayjon, Indoneziya, Malayziya va boshqa davlatlar yoshlari bilan tajriba almashish va muloqot qilish uchun muhim maydon bo‘lganini taʼkidladilar.
«Pokistonda tashkil etilgan konferensiyada O‘zbekiston va Germaniyada tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirok etayapti. Anjuman qatnashchilariga O‘zbekistonda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, xorijda o‘qishi uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida maʼlumot berdik. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlarining axborot texnologiyalari, IT, gumanitar fanlar va xorijiy tillarni o‘zlashtirish yo‘nalishida erishgan yutuqlari, mamlakatimizning boy madaniy merosi va tarixi haqida batafsil taqdimotlar o‘tkazdik», – dedi Muhammadali Nosirjonov.
Tadbir yakunida yurtdoshlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi