O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari Cho‘lponota shahrida o‘tgan samarali muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar
Iyul 30, 2026. 17:48 • 4 daq
• 95
TOSHKENT, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun Cho‘lponota shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimiz yetakchisi Qirg‘izistonga bu galgi davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston – Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligida yangi sahifani ochganini taʼkidladi.
Ushbu sammitga birgalikda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgani qayd etildi. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ayni paytda Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida turli tadbirlar o‘tmoqda.
Fursatdan foydalanib, Prezidentimiz qardosh Qirg‘izistonni 2027-2028-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan aʼzosi etib saylangani munosabati bilan samimiy tabrikladi. Bu mamlakat va butun Markaziy Osiyoning nufuzi yuksalayotganining eʼtirofidir.
Bugungi muzokaralar har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarning barcha jabhalarini atroflicha muhokama qildilar. Bosh vazir o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy sohadagi aniq rejalarni o‘z ichiga olgan axborotlarini tingladilar.
Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi sammitning eng muhim natijasi bo‘ldi.
Ushbu hujjat ikki tomonlama sheriklikni davlatlararo aloqalarning eng yuqori darajasiga olib chiqadi.
– Endi bizning asosiy vazifamiz – hamkorligimizni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligiga xizmat qiladigan yangi mazmun, loyiha va tashabbuslar bilan boyitish, – dedi davlatimiz rahbari.
Ikki davlat Prezidentlari raisligida Davlatlararo kengashni tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash va hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilashning asosiy mexanizmi bo‘ladi.
Shu bilan birga, tomonlar bundan buyon ham siyosiy muloqotni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro maydonlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash va pozitsiyalarni yaqindan muvofiqlashtirishga tayyor ekanligini tasdiqladilar.
Yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollardan ziyodni tashkil qildi. Jadal o‘sish surʼatlari saqlanib qolayotganini inobatga olib, ushbu ko‘rsatkichni kelgusi yilning o‘zida 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yetakchilar sanoat kooperatsiyasining yangi o‘sish nuqtalarini, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi sohalarda yaratishga alohida to‘xtaldilar.
Bu borada kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalarida yangi loyihalar kelishildi. Shuningdek, xomashyo resurslarini birgalikda qazib olish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.
Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Taraqqiyot fondi salohiyatidan samarali foydalaniladi.
Ikki mamlakatning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligi va tranzit salohiyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish ishlari jadal davom etayotgani qayd etildi.
Mazkur temir yo‘li bo‘ylab savdo-logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, savdo va transport jarayonlariga raqamli yechimlarni faol joriy etish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.
Suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi. Qambarota GES-1ni qurish to‘g‘risidagi bitimni imzolash jarayoni tezlashtiriladi.
Ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan faol foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda yangi formatdagi birinchi Hududlar forumi o‘tkaziladi.
Madaniyat, taʼlim, ilm-fan, yoshlar siyosati va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Yetakchilar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda erishilgan kelishuvlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi