Misr matbuoti: O‘zbekiston yetakchisining Cho‘lponotadagi tashabbuslari xalqaro maydonda keng eʼtirof etildi
Avgust 04, 2026. 15:30 • 3 daq
• 19QOHIRA, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al Diplomasy” va “Al Youm Al Sabea” axborot agentliklarida Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidentining ishtirokiga bag‘ishlangan materiallar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Agentliklarning qayd etishicha, Issiqko‘l sohilida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv mintaqa hamkorligi tarixidagi muhim siyosiy voqealardan biri bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti, iqtisodiy integratsiyasi va umumiy xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qator strategik tashabbuslarni ilgari surdi.
Maqolalarda O‘zbekiston rahbari Qirg‘izistonning iqtisodiy yutuqlari hamda mamlakatning BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat aʼzosi etib saylanganini yuqori baholagani taʼkidlangan. Shuningdek, Ozarbayjonning mazkur muloqot formatiga qo‘shilishi Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afg‘onistonni qamrab olgan keng hamkorlik makonini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholangani qayd etilgan.
Prezident nutqida iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidlagan. Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport yo‘laklarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, umumiy raqamli xizmatlar va investitsiya platformalarini shakllantirish ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoni sunʼiy intellekt, “Big Data”, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar markaziga aylantirish g‘oyasi ilgari surilgani, buning uchun inson kapitali, energetika infratuzilmasi va zamonaviy maʼlumotlar markazlarini o‘zaro integratsiya qilish muhimligiga urg‘u berilgani qayd etilgan.
Maqolalarda iqlim o‘zgarishi va ekologik xavfsizlik masalalariga ham keng o‘rin ajratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev anomal issiqlik, suv tanqisligi va energetika xavfsizligi kabi tahdidlarga qarshi samarali kurashish faqat birgalikdagi saʼy-harakatlar orqali mumkinligini taʼkidlab, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish mintaqaning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.
Axborot agentliklari sammit doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarga ham alohida to‘xtalgan. Unda ikki mamlakat munosabatlari tarixiy yuksalish bosqichiga chiqqani, o‘zaro tovar aylanmasi qariyb o‘n barobar oshib, 1,2 milliard dollarga yetgani, 450 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgani hamda yaqin yillarda savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani qayd etilgan.
Shuningdek, energetika, geologiya, muhim metallar, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va logistika sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Qambarota-1 gidroelektr stansiyasi qurilishi hamda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini jadallashtirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ham keng yoritilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

