Yevropa kompaniyalari kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Avgust 04, 2026. 12:00 • 2 daq

7
Yevropa kompaniyalari kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Yevropa kompaniyalari kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Yevropa kompaniyalari kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda

NAVOIY, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Yevropa kompaniyalari delegatsiyasi “Navoiyazot” AJga tashrif buyurib, korxona faoliyati, uning ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik jarayonlari bilan tanishdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan “ANWIL S.A.” kompaniyasining Frankfurt filiali xalqaro bozorlar bo‘yicha vakili Pavel Polanovskiy, “Treeden Group” logistika kompaniyasi bosh direktori va mulkdori Arkadiush Zuzanyuk, “Engineering Project Group” investitsiya kompaniyasi direktori Pavlo Otarashvili hamda “Polish Agriculture Development Corporation Sp.z o.o.” ijrochi direktori va egasi Marchin Piotr Bialashek o‘rin oldi.

Tashrif davomida asosiy ishlab chiqarish sexlari, jumladan, karbamid va boshqa kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda qadoqlash obyektlari, zamonaviy qadoqlash liniyalari va logistika operatsiyalari, xususan, tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berish uchun temir yo‘l vagonlariga ortish tartibi atroflicha o‘rganildi.

Tashrif doirasida “Navoiyazot” AJ boshqaruv raisi F. Samadov va uning o‘rinbosarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida eksport hamkorligini kengaytirish, logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda amaldagi ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilish istiqbollari muhokama qilindi.

“Navoiyazot” AJ rahbariyati tomonidan Yevropa bozoriga karbamid, karbamid-ammiak aralashmasi (KAS) va zamonaviy dizel dvigatellari uchun xalqaro talablarga javob beradigan AdBlue suyuqligi kabi keng turdagi kimyoviy mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil etish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

Yevropa delegatsiyasi vakillari korxona mahsulotlarining yuqori salohiyatini eʼtirof etib, Markaziy Yevropa bozorlarida xaridorgir bo‘lgan yangi turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirdilar. Shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport hajmini kengaytirish maqsadida yevropacha zamonaviy texnologiya va uskunalarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mahsulotlarni Yevropa bozoriga yetkazib berishni tashkil etish hamda keyingi hamkorlikni muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish