O‘zbekiston raqamli iqtisodiyot sohasida Xitoy tajribasidan keng foydalanadi
Dekabr 31, 2025. 13:10 • 53 soniya
• 106
TOSHKENT, 31-dekabr. /“Dunyo” AA/. Toshkentda xitoylik ekspertlar ishtirokida raqamli iqtisodiyot bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Xanchjou shahridagi Milliy pavilyon bilan hamkorlikda “China Silk Liangyin” kompaniyasi direktori Din Xuey boshchiligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “XXR iqtisodiyotida elektron tijoratning o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan seminarda turli vazirlik va idora vakillari ishtirok etdi.
Seminar-trening davomida ishtirokchilar Xitoyning raqamli rivojlanish modeli bilan tanishdi, internet platformalari va elektron tijoratning iqtisodiy o‘sish drayverlarini o‘rgandi. Oddiy internet-do‘konlardan logistika, moliya, onlayn xizmatlar va ijtimoiy platformalarni birlashtirgan keng qamrovli raqamli ekotizimlarga o‘tish jarayoni bilan tanishdi. Shu bilan birga, isteʼmolchilar talabini baholash, taʼminot zanjirlarini avtomatlashtirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda sunʼiy intellektni qo‘llashga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida tomonlar 2026-yilda raqamli texnologiyalar poytaxti, “Alibaba” korporatsiyasining vatani - Xanchjou shahrida qisqa muddatli o‘quv kurslarini o‘tkazishga kelishib oldi. Mazkur tashkil etiladigan o‘quv kurslarida ishtirokchilar nafaqat bilimini boyitadi, balki Xitoyning yetakchi kompaniyalariga tashrif buyurib, o‘z tajribasini oshiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi