Logo

Xitoydan qutlov: O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni tobora yuksalmoqda

Dekabr 31, 2025. 11:23 • 2 daq

136
Xitoydan qutlov: O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni tobora yuksalmoqda

PEKIN, 28-dekabr. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi (KASMO) Yevroosiyo instituti direktori Din Syaosin o‘zbek xalqini kirib kelayotgan yangi yil bayrami bilan qutladi:

– 2025-yilda O‘zbekiston davlat rahbari boshchiligida salmoqli yutuqlarga erishdi, mamlakat milliy taraqqiyotining qiyofasi tubdan o‘zgardi. Iqtisodiy sohadagi natijalar, hayratlanarli bo‘ldi. O‘zbekiston milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida real yalpi ichki mahsulotning o‘sish surʼati 7,6 foizni tashkil etdi, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyati mustaqil, muvozanatli, ko‘p qirrali va tinchliksevar siyosat olib borib, samarali natijalarga erishmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev yil davomida Malayziya, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Xitoy, AQSh va boshqa davlatlarga tashrif buyurib, dunyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kengaytirib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rnini tobora mustahkamlamoqda.

Xususan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi faol roli tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mintaqa yetakchilarining 2025-yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti nafaqat global rivojlanish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi, balki Yevroosiyo, butun dunyo barqarorligi va taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan holda mintaqani yanada birlashtirish bo‘yicha muhim g‘oyalarni taklif etdi.

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik strategik rahbarlik va yetakchilarning kuchli qo‘llab-quvvatlashi tufayli o‘z samarasini berdi. Siyosiy o‘zaro ishonchning mustahkamlanishi iqtisodiy hamkorlikda xalqlarga foyda keltiradigan sezilarli natijalarga erishishga yordam berdi.

Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi va eng yirik investorlaridan biridir. Investitsiyalarning umumiy hajmi 10 milliard dollarga yetdi. Energetika, infratuzilma qurilishi, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, sanoat investitsiyalari, moliya va boshqa ko‘plab sohalarda hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoyning 5 mingga yaqin kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga kuchli turtki bermoqda. Eslatib o‘tamiz, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi qurilish bosqichiga kirgan. U Yevroosiyoni bog‘laydigan yana bir strategik yo‘lak bo‘lib, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi geografik va iqtisodiy masofani sezilarli darajada qisqartiradi.

2026-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston jadal rivojlanib, yanada gullab-yashnashi, shubhasiz. Zero, davlatning xalqaro nufuzi tobora yuksalib bormoqda. Xitoy bilan amaliy hamkorlik esa o‘z samarasini berib, ko‘plab yorqin voqealar bilan eʼtiborni tortadi.

Xitoy va O‘zbekistonning BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro platformalar doirasidagi yaqin hamkorligi nafaqat xalqlarga katta foyda keltiradi, balki Markaziy Osiyoning gullab-yashnashi va rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadi, deb umid qilaman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish