“El Mundo Financiero”: Yangi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi islohotlar fermerlar manfaatlariga xizmat qilmoqda
Iyun 30, 2026. 15:30 • 2 daq
• 52
MADRID, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning ommabop “El Mundo Financiero” gazetasida “Yangi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi yangilangan tizim fermerlar manfaatlariga xizmat qilmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston agrar sektorida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar nafaqat mahsulot yetishtirish hajmini oshirish, balki sohani raqamlashtirish, bozor mexanizmlarini joriy etish hamda fermerlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tizim bosqichma-bosqich maʼmuriy boshqaruvdan iqtisodiy erkinlik va sog‘lom raqobat muhitiga o‘tmoqda.
Nashr yer munosabatlaridagi shaffoflikni alohida eʼtirof etgan. Xususan, qishloq xo‘jaligi yerlarini elektron auksionlar orqali ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilgani va yer ijarasi shartnomalarini hokimliklar yoki prokuror protesti bilan asossiz bekor qilish amaliyoti taqiqlangani taʼkidlangan. Endilikda shartnomalar faqat tomonlar kelishuvi yoki sud qarori bilangina bekor qilinishi fermerlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamladi.
Shuningdek, 2026-yilgi hosildan boshlab fermer va klasterlar ekin turlarini davlat idoralarining aralashuvisiz, “Agroportal” (yagona integratsion platforma) va “CropAgro” AT tizimi orqali mustaqil joylashtirishi sohada inson omilini keskin kamaytirgani maʼlum qilingan.
Maqola yakunida O‘zbekiston fermerlar kengashi va qonun chiqaruvchi organlar hamkorligida fermerlarning siyosiy va huquqiy jarayonlardagi ishtiroki kengayayotgani bayon etilgan. Jumladan, Fermerlar kengashiga sudlarga davlat bojisiz daʼvo arizalari kiritish huquqi berilgani, normativ-huquqiy hujjatlar ekspertizasi va “Fermer minbari” telegram loyihasi orqali onlayn muloqot yo‘lga qo‘yilgani yuqori baholangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi