O‘zbekiston mahsulotlarini Quvayt va Suriyaga yetkazib berish uchun eksport yo‘laklari ochilmoqda

Iyul 29, 2026. 11:00 • 2 daq

107
O‘zbekiston mahsulotlarini Quvayt va Suriyaga yetkazib berish uchun eksport yo‘laklari ochilmoqda
O‘zbekiston mahsulotlarini Quvayt va Suriyaga yetkazib berish uchun eksport yo‘laklari ochilmoqda
O‘zbekiston mahsulotlarini Quvayt va Suriyaga yetkazib berish uchun eksport yo‘laklari ochilmoqda

AL-KUVAYT, 29-iyul /“Dunyo” AA/. Samarqanddagi “YEC Gilam” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan gilam mahsulotlari Kuvayt bozoriga eksport qilinmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi o‘zbek milliy mahsulotlarini Kuvayt va Suriya bozorlariga barqaror va tezkor yetkazib berish maqsadida yangi transport-logistika yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu borada qator muqobil xalqaro yo‘nalishlar sinovdan o‘tkazilib, yangi eksport tashabbuslari ilgari surilmoqda.

Xususan, Samarqand viloyatidagi “YEC Gilam” MCHJning gilam mahsulotlari Kuvaytning “Montreal House Wholesale Co” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma doirasida yangi xalqaro logistika marshruti orqali muvaffaqiyatli yetkazib berildi.

Kuvaytga mahsulot eksport qilishda shu davrga qadar foydalanib kelingan Eronning “Bandar Abbos” portidan foydalanilmagan. Logistika operatori sifatida Turkiyaning “Gulf Cargo” kompaniyasi yangi koridorni xavfsiz va istiqbolli yo‘nalish sifatida baholab, kelgusi tashuvlarda yuklarni 15–20 kun ichida yetkazib berish imkoniyati mavjudligini maʼlum qildi.

Ayni paytda elchixona tomonidan Iroq orqali Kuvaytga mahsulot yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham o‘rganilmoqda. Shu maqsadda Iroq Savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi hamda Kurdiston mintaqasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Iroq Transport vazirligi esa ikki davlatning masʼul idoralari ishtirokida videokonferensiya shaklida amaliy muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, Fors ko‘rfazidagi mavjud geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Erondagi muqobil yo‘llar orqali Kuvaytga yuk tashish imkoniyatlari ham tahlil qilindi. Ushbu yo‘nalish kelgusida milliy mahsulotlarni eksport qilish uchun qo‘shimcha va muqobil logistika yechimi sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Suriya yo‘nalishida ham amaliy natijalar mavjud. Joriy yil may oyida Halab shahrida O‘zbekiston savdo uyi va distributsiya markazi ish boshlaganidan so‘ng, Navoiy viloyatidagi “Solis Oils” MCHJ, Toshkent shahridagi “Premier.uz” MCHJ hamda boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokida yangi eksport shartnomalari imzolandi.

O‘zbekistondan Suriyaga ilk bor o‘simlik yog‘i, kir yuvish vositalari va maishiy elektr jihozlarining dastlabki partiyalari eksport qilindi. Importyorlarning maʼlum qilishicha, mahsulotlarni Turkiya orqali Suriyaga yetkazib berish muddati 10–15 kunni tashkil etmoqda.

Yangi transport koridorlarining ishlab chiqilishi milliy mahsulotlarimizni Yaqin Sharq davlatlari bozorlariga uzluksiz va raqobatbardosh shartlarda yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish