Eldor Aripov: Xitoy Markaziy Osiyoning barcha besh davlati uchun yetakchi savdo hamkori sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda

Oktabr 23, 2026. 16:00 • 3 daq

• 74
Eldor Aripov: Xitoy Markaziy Osiyoning barcha besh davlati uchun yetakchi savdo hamkori sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda
Eldor Aripov: Xitoy Markaziy Osiyoning barcha besh davlati uchun yetakchi savdo hamkori sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda

BISHKЕK, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Bishkek shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo” tahliliy markazlarining “Yuqori sifatli rivojlanish va birgalikda modernizatsiya qilish” mavzusidagi VI forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari, davlat idoralari hamda ekspertlar hamjamiyati vakillari qatnashdi. Ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlik istiqbollari va modernizatsiya jarayonlarini birgalikda amalga oshirishning amaliy yondashuvlarini muhokama qildi.

Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov videomurojaat yo‘lladi. U Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi doirasida erishilgan asosiy natijalar va o‘zaro hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini qayd etib, sheriklikni yanada rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.

SMTI direktori forumning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur forumning “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitlari yakunlari bo‘yicha ikki marta alohida qayd etilgani davlatlar rahbarlari ekspertlar muloqotini shunchaki rasmiyatchilik emas, balki o‘zaro hamkorlikning samarali vositasi sifatida ko‘rayotganidan dalolat beradi.

Eldor Aripov sheriklikning mustahkam siyosiy poydevori Astana deklaratsiyasi hamda Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma orqali yaratilganini ta’kidladi. Ushbu hujjatlar kelgusi o‘n yilliklar uchun hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.

SMTI vakili Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 106 milliard dollardan oshgani va yil davomida 12 foizga ko‘payganini qayd etdi. Shu bilan birga, Xitoy mintaqadagi barcha besh davlatning yetakchi savdo hamkori maqomini saqlab qolmoqda.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. So‘nggi besh yil ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi uch barobar oshib, qariyb 18 milliard dollarga yetdi. Xitoy investitsiyalari hajmi esa besh barobar ko‘payib, 17 milliard dollarni tashkil etdi.

Eldor Aripov erishilgan natijalar oldinga qo‘yilgan barcha maqsadlarga hali to‘liq erishilganini anglatmasligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, o‘zaro savdo tarkibi hamon hamkorlarning manfaatlari va imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmayapti.

Shu nuqtayi nazardan, transport tarmoqlarini rivojlantirish, jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish alohida ahamiyat kasb etadi. SMTI direktorining fikricha, yangi yo‘nalishlar nafaqat tranzit tashuvlarini ta’minlashi, balki to‘laqonli iqtisodiy koridorlarga aylanishi ham muhimdir.

Bundan tashqari, ekspert sanoat va raqamli hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi. Bunda, eng avvalo, standartlar, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yondashuvlari hamda xavfsizlik protokollarini muvofiqlashtirish masalalari nazarda tutiladi. Bu esa mintaqa mamlakatlari va Xitoy iqtisodiyotlari o‘rtasida barqaror aloqalarni shakllantirish uchun muhim shart hisoblanadi.

Eldor Aripovning aytishicha, sheriklikning hozirgi bosqichidagi asosiy vazifa hamkorlik ko‘lamini kengaytirishdan uning sifatini oshirishga, tovarlar savdosidan ishlab chiqarish kooperatsiyasiga, loyihalar almashinuvidan esa boshqaruv tajribasi almashinuviga o‘tishdan iborat bo‘lishi kerak.

SMTI direktori modernizatsiya jarayoni hamkorlar bir-biridan o‘rgangan holda, o‘zga modellardan shunchaki nusxa ko‘chirmagan taqdirdagina samarali bo‘lishini alohida qayd etdi. Ushbu jarayonda tahlil markazlarining mas’uliyati ortib boradi. Ular turli yondashuvlarni qiyosiy tahlil qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni oldindan aniqlash hamda muammolar paydo bo‘lishidan avval tegishli yechimlarni taklif etishga da’vat etilgan.

Eldor Aripov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uzoq muddatli rejalashtirish vazifalarini hal etishda ekspertlar hamjamiyatining muhim rolini bir necha bor ta’kidlaganini eslatib o‘tdi.

U nutqi yakunida ekspert mazmunli va ochiq muloqot yangi g‘oyalarni ishlab chiqish imkonini berishi, ular kelgusida muayyan siyosiy qarorlarda o‘z aksini topib, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikka qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish