Logo

Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir

Fevral 02, 2026. 17:08 • 6 daq

45
Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir
Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir
Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir
Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir
Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir
Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir
Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir
Eldor Aripov: Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zaruratdir

TOSHKENT, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) Pokiston Mintaqaviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida “Oʻzbekiston — Pokiston: oʻzgarib borayotgan dunyoda strategik sheriklik, oʻzaro bogʻliqlik va barqaror rivojlanish” mavzusida onlayn ekspertlar konferensiyasini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Anjumanda ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Oʻzbekiston va Pokistonning yetakchi tahliliy va taʼlim markazlari rahbariyati va ekspertlari, biznes va diplomatik missiyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, siyosiy muloqot va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, savdo-iqtisodiy va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, taʼlim, kadrlar tayyorlash, raqamlashtirish va yangi texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ekspertlar Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, strategik sheriklik shakliga oʻtganini taʼkidladilar. Bu koʻp jihatdan ikki davlat rahbarlarining hal qiluvchi roli va siyosiy irodasi tufayli amalga oshdi. Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari oʻrtasidagi yuksak darajadagi ishonch va konstruktiv muloqot, xavfsizlik, iqtisodiyot va mintaqaviy taraqqiyot sohalaridagi uzoq muddatli manfaatlar mushtarakligi har tomonlama amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Tadbirni ochib berar ekan SMTI direktori Eldor Aripov, Oʻzbekiston-Pokiston munosabatlari sifat jihatidan yangi institutsional darajaga koʻtarilganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Strategik sheriklik kengashining tashkil etilishi oʻzaro hamkorlikning tizimli va uzoq muddatli modeliga oʻtishning yorqin tasdigʻi boʻldi. Ushbu yondashuv Markaziy va Janubiy Osiyoning yaqinlashuvi vaqtinchalik tashabbus emas, balki umumiy strategik manfaatlardan kelib chiqadigan obyektiv zarurat ekanligi haqidagi umumiy tushunchani aks ettiradi.

SMTI direktori savdo-iqtisodiy hamkorlik dinamikasi ikki tomonlama aloqalarning oʻsib borayotgan salohiyatini tasdiqlayotganini taʼkidladi: soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12 barobarga oshdi, hamkorlarning oʻrta muddatli maqsadi esa bu koʻrsatkichni 2 milliard dollarga yetkazishdir.

SMTI direktori kelgusi ustuvor yoʻnalishlar haqida gapirar ekan, oddiy savdodan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega qoʻshma zanjirlarni shakllantirishga oʻtish, shuningdek, axborot texnologiyalari, taʼlim va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish muhimligini qayd etdi.

Eldor Aripov Transafgʻon koridorining strategik ahamiyatiga alohida toʻxtalib, gap shunchaki transport yoʻlagi haqida emas, balki yetkazib berish muddatlarini tubdan qisqartirish va mintaqani Yevroosiyo bogʻliqligining asosiy tuguniga aylantirishga qodir boʻlgan geoiqtisodiy loyiha haqida ketayotganini alohida taʼkidladi.

Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti Javhar Salim konferensiya ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, ikki davlat rahbariyati oʻrtasidagi ishonch va konstruktiv muloqot amaliy tashabbuslar uchun mustahkam zamin yaratishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar hamkorlikning iqtisodiyot, savdo, energetika, taʼlim va madaniyat kabi asosiy sohalarni qamrab oladi. “Biz qoʻshma taʼlim dasturlari va texnologik almashinuvni kengaytirishda ulkan salohiyat borligini koʻrmoqdamiz. Bu mintaqa uchun strategik muhim bosqich boʻlib, bozorlarga kirishni kengaytirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deya qoʻshimcha qildi ekspert.

Oʻz navbatida, Pokistonning sobiq moliya vaziri va Investitsiyalar boʻyicha kengash raisi Horun Sharif institutsional yechimlar hamda xususiy sektor ishtirokining ahamiyatini alohida taʼkidlab oʻtdi. U: “Savdo faqatgina haqiqiy investitsiyalar va samarali iqtisodiy mexanizmlar mavjud boʻlgandagina barqaror boʻladi”, — degan fikrni bildirdi.

Iqtisodchi biznesni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bozorga yoʻnaltirilgan moliyaviy tuzilmalar va qoʻshma investitsiya platformalarini tashkil etishni taklif etdi. “Xususiy sektorning moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi juda muhim, chunki bu integratsiya samaradorligini oshiradi”, — deya taʼkidladi Horun Sharif. U shuningdek, quruqlik portlari va logistika xablarini oʻz ichiga olgan qoʻshma transport infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini taʼkidlab, faqatgina kelishilgan yondashuvlar xarajatlarni qisqartirishi va hamkorlikni iqtisodiy jihatdan samarali qilishi mumkinligini bildirdi.

Islomoboddagi Milliy mudofaa universiteti oʻqituvchisi, general mayor Muhammad Samrez Salik ikki mamlakatning yuqori geoiqtisodiy salohiyatini taʼkidladi. “Agar har bir davlatning kuchli tomonlari jalb qilinsa, Pokiston va Oʻzbekiston mintaqa iqtisodiy integratsiyasining yadrosiga aylanishi mumkin”, — deya qayd etdi u.

General, shuningdek, transport yoʻlaklarining strategik ahamiyatini qayd etdi: “Trans-Afgʻon temir yoʻli Oʻzbekistondan Pokiston portlariga yuk yoʻlini 35 kundan 3-5 kungacha qisqartirishga qodir. Bu toʻgʻridan-toʻgʻri iqtisodiy afzallik boʻlib, uni qoʻldan boy bermaslik kerak”.

“Biz hali foydalanilmagan katta savdo salohiyatini koʻrmoqdamiz. Qoʻshma loyihalar va logistika tarmoqlari orqali integratsiya mintaqaning iqtisodiy landshaftini oʻzgartirishga qodir”,-deya taʼkidladi ekspert.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Islomobod Strategik tadqiqotlar instituti qoshidagi Afgʻoniston, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarini oʻrganish markazi direktori Amina Xan barqaror hamkorlikning asosi sifatida inson kapitaliga investitsiya kiritishning alohida ahamiyatini taʼkidlab oʻtdi. “Infratuzilma mamlakatlarni bogʻlaydi, ammo aynan odamlar — taʼlim, koʻnikmalar va texnologiyalar orqali — hamkorlikning barqarorligini taʼminlaydi”, — dedi u.

Ekspert Oʻzbekistonning taʼlim islohotlari va raqamli transformatsiyadagi yutuqlarini, shuningdek, Pokistonning ingliz tilidagi oliy taʼlim, tibbiyot va ilmiy-tadqiqot hamkorligidagi salohiyatini qayd etdi. “Taʼlim va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik – xavfi past va samarasi yuqori yoʻl boʻlib, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy integratsiyani rivojlantirishga xizmat qiladi”, – deya qayd etdi u.

Ikki tomonlama darajada Amina Xan Pakistan–Oʻzbekiston inson kapitali va texnologiyalar boʻyicha muloqotini tashkil etishni taklif qildi. Bu muloqot texnik va kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishga qaratilgan. Uning taʼkidlashicha, qoʻshma tadqiqotlar ikki tomonlama va mintaqaviy muammolarni hal qilishga yordam beradi, shuningdek, shu paytgacha yetishmagan mahalliy asoslangan yechimlarni yaratadi.

Amina Xan, shuningdek, Afgʻoniston bilan uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirish taklifini ilgari surdi. Bu taklif, avvalo, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikka koʻmaklashuvchi turli tashabbuslarni kengaytirish maqsadini koʻzlaydi. U misol sifatida “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo hududini keltirdi. Uning taʼkidlashicha, bu oddiy chegara punkti emas, balki toʻlaqonli iqtisodiy tizimdir. U insonlar oʻrtasidagi muloqot, taʼlim, tibbiy xizmatlar, savdo va mintaqaviy tranzit uchun yaxlit ekotizim vazifasini bajaradi.

JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Aziza Muhammedovaning qoʻshimcha qilishicha, barqaror xavfsizliksiz rivojlanish va integratsiyaning ulkan rejalarini amalga oshirib boʻlmaydi. Terrorizmga qarshi birgalikda kurashish, razvedka maʼlumotlarini almashish va mudofaa sohasidagi hamkorlikka endilikda iqtisodiy oʻsish va mintaqaviy integratsiyaning zarur sharti sifatida qaralmoqda. Transport va savdo loyihalari, jumladan, Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston temir yoʻli iqtisodiy ragʻbatlarni yaratadi va beqarorlikni kamaytiradi.

Oʻzbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika tadqiqotlari markazi bosh mutaxassisi Shohjahon Shixnazarov, transport va logistika sohasidagi kooperatsiyaning amaliy ahamiyatiga toʻxtalar ekan, ushbu hamkorlikning aniq natijalar berayotganini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha: “2025-yil oxiriga qadar Pokiston portlari orqali yuk tashish hajmi 450 ming tonnaga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 37 foizga oshdi. Bu yetkazib berish muddatlarini qisqartiradi hamda logistika xarajatlarini kamaytiradi. Shu bilan birga, yoʻnalishlarning barqaror va samarali faoliyat yuritishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, qoʻshma forumlar oʻtkazish va tajriba loyihalarni amalga oshirishni taqozo etadi. Ayniqsa, Belarus–Rossiya–Qozogʻiston–Oʻzbekiston–Afgʻoniston–Pokiston multimodal koridorini rivojlantirish, shuningdek Afgʻoniston orqali yangi temir yoʻl liniyalarini barpo etish muhim ahamiyat kasb etadi”.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston-Pokiston strategik sherikligini rivojlantirish sanoat kooperatsiyasi, texnologiyalar, taʼlim, qoʻshma ishlab chiqarish zanjirlari va barqaror rivojlanish boʻyicha kelishilgan yondashuvlarga asoslangan koʻp qirrali hamkorlik modeliga oʻtishni talab qiladi.

Konferensiya yakunida Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti oʻrtasida strategik sheriklikni tahliliy qoʻllab-quvvatlash, qoʻshma tashabbuslarni muvofiqlashtirish va siyosiy rahbariyat uchun tavsiyalar tayyorlash uchun doimiy platforma boʻladigan Oʻzbekiston-Pokiston ekspert kengashini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish