Eldor Aripov: O‘zbekiston BMTning Global aksilterror strategiyasiga qatʼiy sodiqdir
Iyul 02, 2026. 14:30 • 3 daq
• 81NYU-YORK, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. 29–30-iyun kunlari BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMTning Terrorizmga qarshi kurash haftaligi doirasida tashkil etilgan terrorizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha to‘rtinchi yuqori darajadagi konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) maʼlumotiga ko‘ra, tadbirning bosh mavzusi — “Terrorizmsiz kelajak: aʼzo davlatlarning yetakchiligi va amaliy saʼy-harakatlari orqali terrorizmga qarshi kurashda ko‘p tomonlama yondashuvlarga global sodiqlikni mustahkamlash”dan iborat bo‘ldi.
Tadbirning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Zuyev, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda terrorizmga qarshi kurashga ixtisoslashgan tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Terrorchilik maqsadlarida yangi texnologiyalardan foydalanishga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan sessiyada O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov nutq so‘zladi.
O‘z maʼruzasida u O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurash sohasidagi milliy tajribasi hamda ushbu yo‘nalishdagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdi. SMTI direktori O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasi hamda Sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasining mazmun-mohiyatini batafsil yoritib berdi.
Xususan, texnologik transformatsiya jarayonlari hamda uchuvchisiz tizimlar va sunʼiy intellekt kabi innovatsiyalar terrorchilik guruhlarining imkoniyatlarini jadal surʼatlarda kengaytirayotgani taʼkidlandi. Ushbu texnologiyalar terrorchilik tuzilmalari tomonidan buzg‘unchi targ‘ibotni keng yoyish, kiberhujumlarni avtomatlashtirish hamda yoshlarni o‘z saflariga yollash maqsadlarida qo‘llanilmoqda. Mazkur texnologiyalarning joriy etilishi terrorchilarga operatsion xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, raqamli platformalardagi avtomatik bloklash mexanizmlarini samarali chetlab o‘tish imkonini bermoqda.
Eldor Aripov taʼkidlaganidek, terrorizm chegaralarni tan olmaydigan raqamli makon sharoitida unga qarshi kurashning anʼanaviy usullari o‘z samaradorligini yo‘qotmoqda. Bu esa oldini olishga qaratilgan, o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish hamda ularning salohiyatini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyalariga muvofiq algoritmlarning xolisligini taʼminlash va shaxsga doir maʼlumotlar himoyasini kafolatlashga qaratilgan sunʼiy intellekt bo‘yicha milliy standartlarni ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.
So‘zining yakunida O‘zbekiston vakili mamlakatning BMTning Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha global strategiyasiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, xalqaro hamjamiyatni XXI asr innovatsiyalari vayronkorlikka emas, balki tinchlik va xavfsizlikka xizmat qilishi yo‘lida saʼy-harakatlar hamda resurslarni birlashtirishga chaqirdi.
BMTning Terrorizmga qarshi kurash haftaligi aʼzo davlatlar, BMT tizimi tuzilmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, ekspertlar hamjamiyatini zamonaviy tahdidlarni muhokama qilish hamda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida birlashtiruvchi eng nufuzli xalqaro maydonlardan biri hisoblanadi. Joriy yilda mazkur tadbir 26-iyundan 2-iyulga qadar bo‘lib o‘tmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

