Bokuda I Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro kongress o‘tkazildi
Iyul 01, 2026. 13:00 • 2 daq
• 165BOKU, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi Haydar Aliyev markazida “Birinchi Turkologiya qurultoyi: yuz yillik ilmiy va madaniy meros” mavzusida xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bundan roppa-rosa bir asr muqaddam turkiy xalqlardan 131 nafar vakil ishtirokida tashkil etilgan ilk tarixiy qurultoyning 100 yillik yubileyi munosabati bilan Ozarbayjon Madaniyat vazirligi tomonidan “Turkiy dunyo haftaligi” eʼlon qilindi.
Mazkur haftalik doirasida uyushtirilgan xalqaro anjumanning ochilish marosimida dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan kelgan 100 nafardan ziyod taniqli olimlar, turkologlar va ekspertlar qatnashdi.
Mazkur tantanali marosimda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi. Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning I Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro kongress qatnashchilariga yo‘llagan qutlov murojaati o‘qib eshittirildi.
Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida yuz yil avval Bokuda bo‘lib o‘tgan tarixiy anjumanda 11 nafar fidoyi va taniqli o‘zbek ziyolisi ham qatnashgani bugungi avlodlar tomonidan hamisha faxr bilan yodga olinishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tarixiy sana munosabati bilan turkiy davlatlarning yetakchi ilmiy markazlari hamkorligida “Turkiy dunyo maʼrifatparvarlari” xalqaro ilmiy-ensiklopedik loyihasini yaratish hamda jadidchilik harakati namoyandalarining barcha asarlari va arxiv hujjatlari jamlangan yagona raqamli kutubxonani shakllantirish bo‘yicha g‘oyat muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Kongressning shoʻba yig‘ilishlarida o‘zbekistonlik olimlar o‘zlarining ilmiy maʼruzalari va tadqiqot ishlari bilan faol ishtirok etmoqda. Ramziy maʼnoda, shoʻba majlislaridan biri bundan bir asr oldin Birinchi Turkologiya qurultoyi bo‘lib o‘tgan va bugungi kunda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi joylashgan tarixiy binoda tashkil etildi.
“Turkiy dunyo haftaligi” dasturi doirasida anjuman ishtirokchilari va xorijlik mehmonlar uchun Ozarbayjonning tarixiy hududlari — Ag‘dam, Shusha va Xonkendi shaharlariga tanishuv sayohatlari uyushtirilishi ko‘zda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


