Pokiston OAV: O‘zbekiston uchun Gruziya Yevropa bozoriga chiqishda dengiz darvozasi vazifasini bajarmoqda

Iyul 02, 2026. 14:00 • 3 daq

11
Pokiston OAV: O‘zbekiston uchun Gruziya Yevropa bozoriga chiqishda dengiz darvozasi vazifasini bajarmoqda

ISLOMOBOD, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press Of Pakistan” axborot agentligida “Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda O‘zbekiston va Gruziya hamkorligi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Agentlikning yozishicha, O‘zbekiston va Gruziya Yevroosiyoning muhim transport yo‘laklari chorrahasida joylashgan bo‘lib, bir-birini to‘ldiruvchi geografik o‘ringa ega. Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun Gruziya Qora dengiz portlari orqali Yevropa bozorlariga chiqishda muhim dengiz darvozasi vazifasini bajaradi.

Gruziya uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik Xitoy va Janubiy Osiyoning jadal rivojlanayotgan bozorlariga chiqish imkonini yaratadi. Bu o‘zaro uyg‘unlik transport va logistika sohasidagi uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Maqolada taʼkidlanishicha, ushbu hamkorlikda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi markaziy o‘rin tutadi va unda O‘zbekiston hamda Gruziya alohida ahamiyat kasb etadi. 2025-yil yakuniga kelib mazkur yo‘nalishda barqaror o‘sish kuzatildi: ushbu yo‘lak orqali tashilgan O‘zbekiston yuklari hajmi ikki barobar oshib, 1,2 million tonnaga yetdi.

O‘zbekiston va Gruziya temir yo‘l transportida eng yuqori o‘sish surʼatlarini namoyon etdi. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 53,1 ming tonnaga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 56 foizga ko‘pdir. Eksport hajmi 71 foizga, import 65 foizga, tranzit tashuvlar esa 49 foizga oshdi. Bu mazkur yo‘nalishda hali to‘liq ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.

Ikki mamlakat o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini va ular hududi orqali tranzitni oshirishning asosiy vositasi Osiyo–Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari — Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya hamda Yevropani bog‘lovchi xalqaro CASCA+ yo‘nalishidir. Mazkur yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tashkil etildi, tomonlar esa tranzit konteyner poyezdlarini tashkil etish uchun masʼul logistika kompaniyalarini belgiladi.

Materialda ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovlari jadal rivojlanayotgani qayd etilgan. Ayni paytda “Toshkent–Tbilisi” va “Toshkent–Batumi” yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. 2025-yilda O‘zbekiston aviakompaniyalari Gruziyaga va Gruziyadan jami 608 ta muntazam hamda charter reysni amalga oshirdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga ko‘pdir. 2026-yilning dastlabki besh oyida esa reyslar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobarga oshdi.

Hamkorlikning strategik istiqbollari O‘zbekiston faol ishtirok etayotgan yirik temir yo‘l loyihalari bilan belgilanmoqda. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilishi Xitoydan Markaziy Osiyoga va Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkazga eng qisqa quruqlik yo‘lini yaratadi.

Ushbu maqola Pokistonning “Daily Independent” va “The World News” nashrlarida ham chop etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish