Toshkentda biznes va inson huquqlari bo‘yicha birinchi Milliy muloqot bo‘lib o‘tdi
Noyabr 11, 2026. 17:00 • 3 daq
• 98TOSHKЕNT, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda “O‘zbekistonda biznes va inson huquqlari bo‘yicha birinchi Milliy muloqot: istiqbol sari yo‘l ochish ” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy muloqot Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) “Biznes va inson huquqlari” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Gibrid formatda o‘tkazilgan tadbirda davlat organlari, Oliy Majlis palatalari, ishchilar va ish beruvchilar tashkilotlari, tadbirkorlar, ilmiy muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Milliy muloqotning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Akiko Fujii so‘zga chiqdi. Shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori Sabine Maxl tadbirga videomurojaat yo‘lladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Tadbirkorlarimiz qancha boy bo‘lsa, xalqimiz shuncha farovon yashaydi, davlatimiz shuncha qudratli bo‘ladi. Tadbirkorning yutug‘i — bu butun xalqimizning yutug‘i”. Binobarin, inson manfaatlarini ta’minlashda milliy iqtisodiyotning yuksak sur’atlar bilan barqaror rivojlanishi katta ahamiyatga ega”, — dedi o‘z so‘zida akademik Akmal Saidov.
Shuningdek, Akmal Saidov O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralari hamda 2026-yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va transmilliy korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilish jarayonini boshlash haqidagi murojaatini eslatdi. Milliy markaz tomonidan ishlab chiqilgan Biznes va inson huquqlari bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi haqida ma’lumot berdi.
Birinchi sessiyada biznes va inson huquqlari sohasidagi global va mintaqaviy tendensiyalar, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining mas’uliyatli biznes yuritish standartlari hamda ularning savdo, investitsiyalar va ta’minot zanjirlari uchun ahamiyati muhokama qilindi.
Ikkinchi sessiyada BMTTD buyurtmasi bilan tayyorlangan Milliy bazaviy baholash natijalari taqdim etildi. Baholashga ko‘ra, O‘zbekistonda bu soha uchun zarur unsurlar mavjud, biroq ular hali yaxlit milliy tizimga birlashmagan. Qishloq xo‘jaligi, qurilish va ishlab chiqarish tarmoqlarida mehnat huquqlari, atrof-muhit va mahalliy jamoalar bilan bog‘liq xavflar saqlanib qolmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan muhokamalar esa davlatning biznes bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishidan himoya qilish majburiyati hamda kompaniyalarning tegishli tekshiruv orqali inson huquqlarini hurmat qilish mas’uliyatiga bag‘ishlandi.
Uchinchi sessiyada Milliy markaz, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari so‘zga chiqdi.
Muloqot yakunida ishtirokchilar keyingi hamkorlik uchun ustuvor yo‘nalishlarni va navbatdagi Biznes va inson huquqlari bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini tayyorlash sari qadamlarni muhokama qildi. Muloqot natijalari Milliy markaz va BMTTD tomonidan umumlashtiriladi.
Milliy muloqot doirasida 11–13-noyabr kunlari biznes vakillari uchun uch kunlik trening o‘tkaziladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


