“Eurasia Magazine”: TDT sammitlari orqali sheriklik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda

May 14, 2026. 20:25 • 3 daq

4
“Eurasia Magazine”: TDT sammitlari orqali sheriklik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda

BUDAPESHT, 14-may /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Eurasia Magazine” jurnalida Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan o‘tkazilib kelinayotgan sammitlar haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) norasmiy sammiti o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va aʼzo davlatlar o‘rtasidagi sheriklikning kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.

Turkiy tilli davlatlar rahbarlarining birinchi sammiti 1992-yilda Turkiya Bosh vaziri Turgut O‘zal tashabbusi bilan Anqara shahrida o‘tkazilgan. 1996-yilgi Toshkent deklaratsiyasida davlat rahbarlari Kotibiyat tuzish to‘g‘risidagi qororni mustahkamlab qo‘ygan. Keyingi yillarda mazkur format izchil rivojlanib, 2009-yilda Naxichevanda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkil etildi. 2021-yilda Istanbul sammitida tuzilmani Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu tashkilot faoliyatining kengayishi va uning xalqaro ahamiyati ortib borayotganini aks ettirdi.

Tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi aʼzo davlatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Ustuvor vazifalar qatoriga o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, tashqi siyosiy pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish kiradi. Savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoit yaratish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va mintaqa aholisi turmush darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Maqolada yozilishicha, TDTni rivojlantirishda 2022-yil Samarqand sammiti yakunlariga ko‘ra boshlangan O‘zbekiston raisligi alohida ahamiyatga ega. Bu davrda mamlakat nafaqat amaliy hamkorlikni faollashtirdi, balki tashkilot faoliyatiga institutsional yangiliklar ham kiritdi.

Bugungi kunda TDT kun tartibi barcha ishtirokchi davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda shakllantirilmoqda va har bir davlat integratsiya jarayonlari rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Qayd etilishicha, TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik barqaror ijobiy o‘sishni namoyon etmoqda. So‘nggi yillar natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashkilotga aʼzo davlatlar bilan savdo aylanmasi hajmi izchil oshib bormoqda va 2025-yilda 10,8 milliard AQSH dollaridan oshdi. Qozog‘iston va Turkiya mamlakatimizning asosiy savdo sheriklari bo‘lib qolmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Turkiston shahrida bo‘lib o‘tadigan TDTning navbatdagi sammiti ko‘p tomonlama hamkorlikning kelgusi yo‘nalishlarini muhokama qilish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘ladi.

Sammit mavzusidan kelib chiqqan holda, raqamli transformatsiya, qo‘shma innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamli infratuzilma sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy, yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish