Yevropa jazirama og‘ushida: Fransiyada anomal issiqdan kamida 18 kishi, jumladan ikki nafar bola vafot etdi

Iyun 23, 2026. 16:30 • 2 daq

40
Yevropa jazirama og‘ushida: Fransiyada anomal issiqdan kamida 18 kishi, jumladan ikki nafar bola vafot etdi

JЕNЕVA, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Fransiyada Yevropaning katta qismini qamrab olgan anomal issiq oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi, ular orasida o‘ta yuqori haroratda mashinada qoldirilgan ikki nafar go‘dak ham bor, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” axborotiga tayanib.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bir qator Yevropa mamlakatlarida havo harorati rekord darajaga ko‘tarilgan. Fransiyaning Bordo shahrida termometr ustuni 41,9 darajagacha ko‘tarilib, yangi tarixiy maksimal ko‘rsatkichni qayd etdi. Puate shahrida esa harorat 41,2 darajaga yetib, 1947 yilda o‘rnatilgan rekordni yangiladi.

Fransiyada jazirama tufayli ayrim maktablar yopildi yoki ularning faoliyat tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda Buyuk Britaniyada ham rekord darajadagi yuqori harorat kuzatilishi kutilmoqda.

Fransiyaning Karpantra shahri prokuraturasi oilaviy avtomashinada hushsiz holda topilgan ikki va to‘rt yoshli ikki nafar bolaning vafot etganini ma’lum qildi. Ularning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi.

Bundan tashqari, dam olish kunlari Bordo hududida jazirama oqibatida 80 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan uch nafar keksa kishi vafot etdi. Yana 13 kishi yuqori haroratdan saqlanishga urinib, suvda yuz bergan baxtsiz hodisalar tufayli halok bo‘ldi.

Mutaxassislarning baholashicha, hozirgi issiqlik to‘lqini “omega-blok” deb ataluvchi atmosfera hodisasi bilan bog‘liq bo‘lib, unda Shimoliy Afrikadan kelayotgan issiq havo massalari Yevropa qit’asi uzra uzoq vaqt saqlanib turadi.

Ispaniyaning San-Sebastyan shahrida harorat 40 darajaga yaqinlashdi va bu yilning shu davri uchun o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobardan ziyoddir. Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa sayyoramizning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki baravar tezroq isimoqda.

Italiyaning 12 ta shahrida jazirama sababli eng yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi. Turinda elektr energiyasi iste’moli ortishi fonida elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklama kuchaygani sababli energetika kompaniyalari ish rejimini kuchaytirdi.

Favqulodda issiqdan yovvoyi hayvonlar ham aziyat chekmoqda. Belgiyadagi yovvoyi hayvonlarni reabilitatsiya qilish markazi so‘nggi uch kun ichida 150 ga yaqin jabrlangan qush va boshqa jonivorlarni qabul qildi.

Ekspertlar iqlim o‘zgarishi uzoq davom etadigan jazirama va kuchli bo‘ronlar kabi ekstremal ob-havo hodisalarining tez-tez takrorlanishi va kuchayishiga olib kelayotganini ta’kidlamoqda.

“Reuters” surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish