FIFA: JCH-2026ni stadiondan ko‘rish uchun 500 milliondan ortiq ariza topshirilgan
Yanvar 17, 2026. 10:30 • 2 daq
• 155
TOSHKENT, 17-yanvar. /“Dunyo” AA/. “The Athletic” ommabop portalida shu yil AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati chiptalarini xarid qilish uchun rekord darajada ariza topshirilgani haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, seshanba kuni yakunlangan bir oylik ariza topshirish davrida chipta sotib olish uchun 500 milliondan ortiq so‘rov kelib tushgan. Arizalarni qabul qilish dekabr oyida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati qurʼasi va o‘yinlar taqvimi eʼlon qilinganidan ko‘p o‘tmay boshlangan. Muxlislar maʼlum toifa va belgilangan narxlarda muayyan o‘yinlarga chiptalar uchun ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Fevral oyida FIFA turnirning 104 ta o‘yinining har biriga tasodifiy qurʼa tashlaydi va uning natijalariga ko‘ra, chiptalar tanlangan arizachilar o‘rtasida taqsimlanadi. Avvalroq, oktyabr-noyabr oylarida tashkilot yakuniy jadval tasdiqlangunga qadar 2 millionga yaqin chipta sotgan edi. Umuman olganda, turnir davomida taxminan 4-5 million chipta qoladi.
Maqolada yozilganidek, har biri bittadan to‘rttagacha chiptani o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan 500 milliondan ortiq arizalar 2026-yilgi jahon chempionati muxlislar tomonidan misli ko‘rilmagan qiziqishga ega ekanidan dalolat beradi. Shu bilan birga, tashkilotning taʼkidlashicha, talab darajasi aniq o‘yinlarga qarab, sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
2026-yilgi jahon chempionati O‘zbekiston uchun ham tarixiy bo‘ladi. Chunki futbol bo‘yicha mamlakat milliy terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
Bundan tashqari, yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy yutug‘ini keng yoritib, jahon chempionatidagi ishtiroki, yanada ko‘p o‘zbekistonlik yoshlarni futbol bilan shug‘ullanishga ilhomlantirishini taʼkidlamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi