“Московский комсомолец” gazetasi: Turli mamlakatlar birinchi xonimlari bolalarga yordam berish uchun O‘zbekistonda jam bo‘ldi
Noyabr 01, 2026. 11:30 • 2 daq
•
MOSKVA, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning nufuzli “Moskovskiy komsomolets” gazetasi veb-saytida “Turli mamlakatlar birinchi xonimlari bolalarga yordam berish uchun O‘zbekistonda jam bo‘ldi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Samarqand shahri onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha Butunjahon sammitiga mezbonlik qilgani, ushbu anjuman O‘zbekistonning xalqaro gumanitar missiyalarni amalga oshirishdagi salmoqli hissasini yaqqol namoyon etgani ta’kidlangan. Nufuzli tadbirda qator davlatlarning birinchi xonimlari, BMT va YUNISYEF rahbariyati, jahonning yetakchi pediatrlari hamda bolalar farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan boshqa delegatlar ishtirok etdi.
Maqolada O‘zbekistonda bolalar salomatligi va huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlar Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva hamda Milliy ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva rahbarligida amalga oshirilayotgan amaliy tashabbuslar bilan uzviy bog‘liqligi alohida qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu yo‘nalishdagi islohotlar natijasida respublikada nogironligi bo‘lgan bolalar uchun noyob reabilitatsiya markazlari tashkil etildi, vasiylik tizimi tubdan isloh qilindi, genetik kasalliklarni erta aniqlash hamda emlash dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Muallif Samarqandning mazkur forum uchun tanlangani bejiz emasligiga e’tibor qaratib, bu qadimiy shahar boy tarixiy merosni zamonaviy infratuzilma bilan uyg‘unlashtirgan holda global muloqot markaziga aylanib borayotganini qayd etgan. Xususan, “Silk Road Samarkand” majmuasi nafaqat sammitga, balki Bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro kongressga ham yuqori saviyada mezbonlik qildi.
Maqola yakunida sammit qatnashchilari bolalikni himoya qilish yo‘lida kuchlarni birlashtirishga kelishib olgani va bu boradagi sa’y-harakatlarni aks ettiruvchi Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingani mamnuniyat bilan e’tirof etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi