Parijdan munosabat: O‘zbekistonning faol tashqi siyosati TDT faoliyatini yanada yuksaltirmoqda
Oktabr 31, 2026. 17:00 • 2 daq
• 18
PARIJ, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) ilmiy xodimi, Oliy tadqiqotlar amaliy maktabi (EPHE) doktori, fransuz islomshunosi Karim Ifrak “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga amaliy tashrifi hamda Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– So‘nggi yillarda xalqaro maydonda o‘z rolini sezilarli darajada mustahkamlagan O‘zbekistonning faol va konstruktiv pozitsiyasi alohida e’tiborga loyiq. Mamlakat Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ochiq, pragmatik va ko‘p vektorli tashqi siyosatni izchil olib bormoqda, BMT, SHHT, TDT va boshqa tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonning TDTdagi ishtiroki muhim amaliy ahamiyatga ega. 2019-yilda Tashkilotga a’zo bo‘lganidan buyon Toshkent o‘zaro savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli transformatsiya, ta’lim va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan o‘nlab tashabbuslarni ilgari surdi.
Tashkilotning institutsional mexanizmlarini mustahkamlash va iqtisodiy kun tartibini kengaytirishga xizmat qilgan 2022-yilgi Samarqand sammiti bu borada muhim bosqich bo‘ldi.
O‘zbekistonning “Turkiy raqamli yo‘lak”ni yaratish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion loyihalar va texnologik startaplarni moliyalashtirishning qo‘shma mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha tashabbuslari yuqori baholanadi.
Ushbu takliflar Toshkentning tashkilot faoliyatiga zamonaviy texnologik o‘lchov berish va a’zo davlatlar iqtisodiy o‘sishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga intilishidan dalolat beradi.
Yevropa nuqtayi nazaridan O‘zbekistonning Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish, bojxona tartib-taomillarini takomillashtirish va “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘l loyihasini ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari alohida ahamiyatga ega.
Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlashi, xalqaro savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishi va global ta’minot zanjirlarining barqarorligini oshirishi mumkin.
Anqara sammiti TDT doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi amaliy tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir. O‘zbekistonning izchil siyosati, ochiq muloqoti va aniq natijalarga intilishi tashkilotning yanada yuksalishiga zamin yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi