“Oman Daily” gazetasi: Yangi O‘zbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda

Iyul 23, 2026. 17:30 • 3 daq

27
“Oman Daily” gazetasi: Yangi O‘zbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda

MASKAT, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Omanning rasmiy “Oman Daily” gazetasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning amaliy natijalari hamda mamlakatimizning ortib borayotgan xalqaro nufuziga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Yangi O‘zbekiston modernizatsiya, ochiqlik va barqaror rivojlanish yo‘lini izchil amalga oshirib, aholi farovonligini oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratmoqda.

Nashrda mahalla institutini isloh qilish jarayoniga alohida eʼtibor qaratilgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahalla jamoatchilik boshqaruvi, iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy masalalarni hal etishning zamonaviy markaziga aylanayotgani taʼkidlanadi. Maqolada mahalla raislari vakolatlarining kengaytirilgani, mahalliy byudjetlarni moliyalashtirish hajmi ortgani, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilgani haqida so‘z yuritiladi.

Gazeta, shuningdek, o‘quvchilarni mahallalarning moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash, mahalliy tashabbuslarni grant asosida qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish, “mahalla yettiligi” faoliyatini takomillashtirish hamda Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida xabardor qiladi. 2026-yil O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani alohida qayd etilgan.

Nashrning alohida bo‘limi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoniga bag‘ishlangan. Mamlakat Prezidenti muzokaralar borishini shaxsan nazorat qilayotgani, iqtisodiyotni liberallashtirish, savdo qonunchiligini takomillashtirish va milliy meʼyoriy-huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar JSTga aʼzo bo‘lish jarayonini 2026-yildayoq yakunlashga umid qilish imkonini berishi taʼkidlanadi.

“Oman Daily”, shuningdek, O‘zbekistonning oliy taʼlim sohasida erishgan yutuqlari haqida ham hikoya qiladi. Xususan, “THE Sustainability Impact Ratings 2026” xalqaro reytingiga ko‘ra, birdaniga 24 ta oliy o‘quv yurti dunyoning eng yaxshi 1000 ta universiteti safiga kirgani, mamlakatning bir qator oliygohlari BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallagani qayd etilgan.

Maqolada Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyevning Yangi O‘zbekistondagi o‘n yillik islohotlar davri yakunlarini yuqori baholagan intervyusiga katta o‘rin ajratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, izchil o‘zgarishlar sharofati bilan mamlakat xalqaro nufuzini mustahkamladi, investitsiya muhitini sezilarli darajada yaxshiladi, mintaqaviy hamkorlikni faollashtirdi va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun sharoit yaratdi.

“Oman Daily”da taʼkidlanganidek, Yangi O‘zbekiston tajribasi islohotlarning kompleks xususiyati, davlat boshqaruviga inson markazli yondashuv, raqamli texnologiyalarning faol joriy etilishi hamda keng ko‘lamli o‘zgarishlarning ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlash bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashgani tufayli xalqaro hamjamiyatda ortayotgan qiziqishni uyg‘otmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish