Logo

Turkiyadagi “Marmara” ayollar koloniyasiga o‘zbek adabiyotlari to‘plami taqdim etildi

Yanvar 20, 2026. 15:07 • 54 soniya

48
Turkiyadagi “Marmara” ayollar koloniyasiga o‘zbek adabiyotlari to‘plami taqdim etildi

ISTANBUL, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Turkiyaning Siverek tumanida joylashgan “Marmara” yopiq turdagi ayollar jazoni ijro etish koloniyasiga navbatdagi konsullik tashrifini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muassasaga tashrif davomida Turkiyada sodir etgan jinoyatlari uchun qamoqda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatlashildi. Ularning ahvoli haqida maʼlumot olindi, jazoni o‘tash sharoitlari o‘rganildi, zarur konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Avvalgi tashrifda hamyurtlarimiz o‘zbek tilidagi adabiyotlar so‘ragan edi. Shu bois, Bosh konsulxona tashabbusi va O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Asaxi” va “Hilol nashr” bosmaxonalari ko‘magida muassasa kutubxonasiga O‘zbekistondan olib kelingan 100 dan ortiq maʼrifiy, ilmiy, diniy va ommabop adabiyotlar to‘plami taqdim etildi.

Tashrif davomida tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolarining yashash sharoitlari, oziq-ovqat taʼminoti, tibbiy xizmatdan foydalanish va yaqin qarindoshlari bilan telefon orqali muloqot qilish tartibi o‘rganildi.

Fuqarolar bilan yakka tartibda o‘tkazilgan suhbatlarda ularni qiynayotgan muammolar aniqlanib, huquq va erkinliklari, Turkiya qonunchiligida belgilangan majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha Bosh konsulxona tomonidan aniqlangan muammo va kamchiliklarni hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish