Toshkentda ilk bor “Xalqaro yil talabasi” mukofoti topshirildi
Yanvar 11, 2026. 14:00 • 2 daq
• 209
TOSHKENT, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizda ilk bor dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning akademik, ijtimoiy va professional yutuqlarini eʼtirof etishga bag‘ishlangan “Yilning xalqaro talabasi” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu taqdirlash marosimi poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilib, unda 500 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Xalqaro Talabalar Ittifoqi (UzSU) tomonidan Yoshlar ishlari agentligi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi. Ushbu tadbir faol, ijtimoiy masʼuliyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning O‘zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlash hamda milliy ahamiyatga ega loyihalarga jalb etishda muhim platforma bo‘ldi.
Marosim doirasida UzSUning O‘zbekistondagi faoliyati rasman yo‘lga qo‘yildi. Bu esa tashkilotning milliy darajadagi tizimli faoliyati boshlanganini va xalqaro tarmog‘i kengayib borayotganini anglatadi.
Tadbir dasturidan “Chet elda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarining mamlakat rivojidagi o‘rni” mavzusidagi panel muhokamasi ham o‘rin oldi. Unda xalqaro talabalarning mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy va intellektual rivojiga qo‘shayotgan hissasi muhokama qilindi. Panel muhokamasida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda tadbirkor Zafar Hoshimov ishtirok etdi. Muhokamaga UzSU raisi Jasurbek Jabborov moderatorlik qildi.
“Xalqaro yil talabasi” mukofoti “Yil talabasi”, “Jamiyat va diaspora rivojiga qo‘shgan hissa”, “O‘zbekistonni xalqaro maydonda munosib namoyon etish” va “Yil innovatsiyasi” nominatsiya bo‘yicha topshirildi.
2026 yilgi mukofot g‘oliblari:
1. “Yil talabasi” — AQSHdagi “Columbia University Barnard College” talabasi Nozira Davroniy;
2. “Jamiyat va diaspora rivojiga qo‘shgan hissa” — Gonkongdagi “Hong Kong University of Science and Technology” talabasi Asadbek Ismoilov;
3. “O‘zbekistonni xalqaro maydonda munosib namoyon etish” — Buyuk Britaniyadagi “Oxford University” talabasi Aakib Niyoz;
4. “Yil innovatsiyasi” — Italiyadagi “Università degli Studi di Siena” talabasi Asliddin Akbarov.
Mazkur mukofot xalqaro maydonda tahsil olayotgan yoshlarimizning salohiyatini eʼtirof etish, ularni Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga ruhlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi