2025-yilda O‘zbekistonga 32 ming nafar yaponiyalik turistik maqsadda tashrif buyurgan
Yanvar 20, 2026. 16:50 • 2 daq
• 52NAGOYA, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan Nagoya shahrida “O‘zbekistonning turizm salohiyati” mavzusida tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir Yaponiyaning “Club Tourism International Inc.” sayyohlik kompaniyasi hamda yurtimizning Yaponiyadagi turizm elchisi, taniqli aktyor Keysuke Minami bilan hamkorlikda tashkil qilinib, unda 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Elchixona tomonidan amalga oshirilgan taqdimot davomida so‘nggi yillarda turizm yo‘nalishi mamlakatimiz iqtisodiyotining “drayver” sohalaridan biriga aylantirilgani namoyish qilindi. Turizm sohasida infratuzilmani yaxshilash, sohani liberallashtirish va xorijiy sayyohlarga qulayliklar yaratilishi natijasida O‘zbekiston mintaqaning “turizm markazi”ga aylanib borayotgani maʼlum qilindi.
Turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida 2025-yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni qariyb 11,7 million nafarni tashkil etgani taʼkidlandi. Jumladan, O‘zbekistonga turistik maqsadlarda tashrif buyurgan Yaponiya fuqarolari soni ikki mamlakat aloqalari tarixida ilk marotaba 32 ming nafardan ortib, 2024-yilga nisbatan 162 foizga ko‘paygani bildirildi.
Taqdimot davomida YUNESKOning butunjahon merosi obidalari ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatimizning tarixiy binolari, O‘zbekiston hududlarining turizm salohiyati, yapon sayyohlari uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lgan milliy urf-odatlar, taomlar va turizm yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Ishtirokchilarni O‘zbekistonga sayohat qilishga faol targ‘ib qilindi.
“Club Tourism International Inc.” kompaniyasining Nagoya shahridagi filiali direktori Kenji Yoshizaki tomonidan so‘nggi yillarda yapon sayyohlari orasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani aytildi. Kompaniya tomonidan yangi turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bildirildi. Jumladan, ushbu kompaniya tomonidan “Turizm elchisi Keysuke Minami bilan O‘zbekistonga sayohat qiling!” mavzusida yangi turizm dasturini ishlab chiqish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.
O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi Keysuke Minami o‘z taqdimoti davomida 2025-yilning avgust oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari, mamlakatimizning turizm salohiyati va tarixiy obidalari haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berdi.
Tadbirda mamlakatimizning “turizm burchagi” tashkil qilinib, yapon tilida tayyorlangan sayyohlik qo‘llanmalari va xaritalar taqdim qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





