Rossiya TIV rahbari G‘arb bilan Ukraina bo‘yicha muzokaralar barbod bo‘lganini ma’lum qildi

Iyun 24, 2026. 17:30 • 2 daq

5
Rossiya TIV rahbari G‘arb bilan Ukraina bo‘yicha muzokaralar barbod bo‘lganini ma’lum qildi

MOSKVA, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov TIV Diplomatik akademiyasida bo‘lib o‘tgan 12-elchilar davra suhbatida G‘arb halol vositachi rolini ado eta olmaganini va uni jiddiy qabul qilish kerak emasligini aytdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Interfaks”ga tayanib.

“G‘arbning barcha urinishlari va unga nisbatan xolis vositachi sifatidagi umidlar anchadan beri puchga chiqqanini inobatga olib, hozir biz maxsus harbiy operatsiya maqsadlariga erishishga diqqat qaratmoqdamiz”, – dedi diplomat va “ularni jiddiy qabul qilishga hojat yo‘qligini” qo‘shimcha qildi.

“Qo‘shma Shtatlarga kelsak, ularning harakatlariga qarab shunday xulosa qilish mumkinki, ular go‘yoki xolis vositachi roliga da’vogarlik qilishdan voz kechib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar bosimini oshirish yo‘lidan bormoqda”, – dedi Sergey Lavrov.

Vazir, shuningdek, “Qo‘shma Shtatlar Prezidentining Ankorijdan so‘ng darhol aytgan – Ukrainada bir necha yillik sulh emas, balki uzoq muddatli tinchlik zarurligi hamda Alyaska bu yo‘nalishdagi harakatlarga asos solgani haqidagi bayonoti ham unutildi”, – deb qo‘shimcha qildi.

Sergey Lavrov “Yevropadagi hozirgi elitalar” Rossiya bilan urushga “kechi bilan 2030 yilgacha” tayyorgarlik ko‘rayotganini yashirmayotgani haqidagi fikrini ham bildirdi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “Ukraina bilan muzokaralarni to‘xtab qolgan nuqtadan qayta boshlashga tayyor”.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun jurnalistlarga AQSH Prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner boshqa masalalar bilan bandligini, biroq imkon topishi bilan Ukraina bo‘yicha ular bilan aloqalar qayta tiklanishi kutilayotganini aytdi.

“Biz aloqalar davom ettirilishini tushunib turibmiz. Ularning barcha tomonlarni tinglashga tayyorligi hozirda juda muhim. Hozirda ular boshqa ishlar bilan band ekani tushunarli, ammo qaysidir payt qo‘llari bo‘shaydi va biz kelgusidagi hamkorlikka umid qilamiz”, – deya qayd etdi Kreml vakili.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish