Xorijdagi vatandoshlar JCH-2026da O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun birlashmoqda
Iyun 24, 2026. 17:00 • 4 daq
• 63TOSHKЕNT, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Futbol bo‘yicha FIFA-2026 Jahon chempionatida O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs munosabati bilan qator xorijiy davlatlarda vatandoshlar ishtirokida jamoaviy tomosha va uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Rimda O‘zbekiston elchixonasi tomonidan milliy terma jamoa o‘yinini birgalikda tomosha qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida fan-klub tashkil etildi. Tadbirda Italiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, talabalar, diplomatik korpus vakillari hamda mahalliy futbol ishqibozlari qatnashdi.
O‘yin arafasida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov vatandoshlarga videomurojaat yo‘llab, jamoani qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ishtirokchilar davlat bayrog‘ini hilpiratib, futbol bayrami muhitini yaratgan holda terma jamoani faol qo‘llab-quvvatladi.
O‘yinga mahalliy muxlislar ham alohida qiziqish bildirib, O‘zbekiston jamoasining chiqishini diqqat bilan kuzatib borishayotgani hamda O‘zbekiston terma jamoasiga italiyalik futbol yulduzi Fabio Kannavaro boshchilik qilayotganidan alohida faxrlanishini ta’kidladi.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida ham ushbu o‘yin uchun jamoaviy tomosha tashkil etildi. Unda 150 dan ortiq kishi, jumladan, Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talaba-vatandoshlar, o‘zbek diasporasi vakillari hamda diplomatik missiya xodimlari ishtirok etdi.
Translyatsiya boshlanishidan avval ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari hamda ta’lim, bandlik va sport sohalarida yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Mahalliy sportchilarimizning xalqaro maydondagi yutuqlari o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan izchil davlat siyosati natijasi ekani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tomonidan ham “Yevraziya-Sibir” o‘zbek ulgurji-taqsimlash markazida jamoaviy tomosha tashkil etildi. Tadbirda 70 dan ortiq vatandosh, jumladan, haydovchilar, savdogarlar, umumiy ovqatlanish sohasi xodimlari, Bosh konsulxona, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi va Migratsiya agentligi xodimlari ishtirok etdi.
Tomosha O‘zbekiston davlat madhiyasini kuylash bilan boshlandi. Ishtirokchilar katta ko‘tarinkilik bilan o‘yinni kuzatib, milliy terma jamoaga bo‘lgan birdamlik va fidoyi muxlislikni namoyon etdi.
Qozog‘istonning Oqtov shahrida Bosh konsulxona ko‘magida tashkil etilgan milliy jamoani qo‘llab-quvvatlash uchrashuvi ham ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston–Portugaliya uchrashuvini ushbu hududda ishlayotgan va o‘qiyotgan 100 dan ortiq yurtdosh birgalikda tomosha qildi.
O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchixonasi tomonidan uyushtirilgan jamoaviy tomosha o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi ramzi bo‘lgan “Toshkent” bog‘i hamda “Toshkent” restoranida tashkil etildi. Bu uchrashuvga alohida tantanavorlik va samimiy ruh bag‘ishladi.
Vatandosh muxlislar Portugaliya terma jamoasiga qarshi kechgan shiddatli bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasini faol qo‘llab-quvvatladi. Ishtirokchilar bu kabi tashabbuslar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga hamda mintaqada madaniy va sport hamkorligini rivojlantirishga xizmat qilishini e’tirof etdi.
Singapurda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ham O‘zbekiston o‘yinlarini birgalikda tomosha qilish uchun birlashdi. Tadbir ishtirokchilari ko‘tarinki ruh va faxr tuyg‘usi bilan milliy jamoani qo‘llab-quvvatlab, futbolchilarning har bir harakatini olqishlab turdi.
Ishtirokchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunday uchrashuvlar nafaqat milliy terma jamoa o‘yinlarini birgalikda kuzatish imkonini beradi, balki xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida do‘stlik aloqalari, jipslik va milliy g‘urur tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Singapurdagi vatandoshlar O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatida qatnashishi mamlakat sporti rivojida tarixiy voqea ekanini ta’kidlab, jamoaga xalqaro maydonda muvaffaqiyatli ishtirok etishini chin dildan tiladi.
O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi tashabbusi bilan ham Polsha savdo-sanoat palatasi, tahliliy markazlar, OAV, diplomatik korpus vakillari hamda vatandoshlar ishtirokida O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinining jamoaviy tomoshasi uyushtirildi. Uchrashuv davomida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari, mamlakatimiz madaniyati va turistik salohiyati haqida so‘z yuritildi.
O‘z navbatida, tadbir qatnashchilari O‘zbekiston milliy terma jamoasining ushbu musobaqadagi ishtiroki nafaqat sport, balki mamlakatning xalqaro nufuzi va obro‘-e’tiborini yuksaltirishda ham muhim ahamiyatga ega ekanini e’tirof etdi.
Xorijdagi vatandoshlar fikricha, bu kabi uchrashuvlar nafaqat milliy jamoa o‘yinlarini birgalikda kuzatish imkonini beradi, balki chet eldagi o‘zbekistonliklar o‘rtasida do‘stlik aloqalari va birdamlikni yanada mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









