O‘zbekistonda kreativ sanoatning to‘laqonli ekotizimi shakllanmoqda
Sentabr 27, 2026. 16:30 • 2 daq
• 183
MOSKVA,27-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi saytida Toshkent shahrida ochilgan Zamonaviy san’at markazi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Materialda yozilishicha, Toshkentda ochilgan Zamonaviy san’at markazida ko‘rgazma va ta’lim loyihalari, art-rezidensiyalar, tadqiqot hamda ommaviy dasturlar tashkil etiladi. Yangi madaniy makon rassomlar, ijodiy jamoalar va xalqaro auditoriya uchun uchrashuv maskaniga aylanishi ko‘zda tutilgan.
"O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotning to‘laqonli ekotizimi shakllanmoqda. Yangi Zamonaviy san’at markazi o‘z merosini qanday saqlash va uning asosida yangilik yaratish mumkinligiga bir misoldir", – deya ta’kidladi Strategik tashabbuslar agentligi bosh direktori Svetlana Chupsheva.
Nashrda qayd etilishicha, ushbu markaz O‘zbekistonda zamonaviy san’atga ixtisoslashgan birinchi davlat muassasasidir. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda ko‘rgazma, ta’lim, tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni birlashtirgan bunday ko‘lamdagi ilk madaniy majmua hisoblanadi.
Yangi markaz 1912-yilda me’mor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida barpo etilgan tarixiy binoda joylashgan. Dastlab, bu yerda tramvay deposi bo‘lgan, keyinchalik binodan dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi