O‘zbekiston Prezidenti Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va quvvatlarini kengaytirish rejalarini ko‘rib chiqdi
Noyabr 12, 2026. 19:39 • 3 daq
• 53
TOSHKENT, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Buxoro neftni qayta ishlash zavodining joriy faoliyati va quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 1997-yilda ishga tushirilgan zavod mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida muhim o‘rin tutadi. Korxona yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash loyihaviy quvvatiga ega. Bu yerda avtobenzin, dizel yonilg‘isi, aviakerosin va boshqa turdagi neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Zavodda 3,2 mingdan ziyod kishi mehnat qilmoqda.
Taqdimotda korxonaning ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlari haqida axborot berildi. Joriy yilning to‘qqiz oyida 1,5 million tonnadan ziyod xomashyo qayta ishlanib, qariyb 1,5 million tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Sof foyda 2,2 trillion so‘mni tashkil etgan.
Yil yakuniga qadar xomashyoni qayta ishlash hajmini 2,17 million tonnaga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni esa 2,12 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Korxonani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yuqori sifatli yoqilg‘i turlarini o‘zlashtirishdir.
Xususan, zavodda Yevro-5 ekologik standartiga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli avtobenzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati 328 million dollarlik loyiha ishlab chiqilgan. Uning doirasida mavjud texnologik jarayonlarni takomillashtirish va yangi ishlab chiqarish qurilmalarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 1,1 million tonna Yevro-5 standartidagi avtobenzin ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, import qilinadigan yoqilg‘i qo‘shimchalari xarajatlaridan yiliga 150 million dollargacha mablag‘ tejalishi va 200 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda.
Rejaga ko‘ra, loyihani 2029-yilning ikkinchi choragida ishga tushirish mo‘ljallangan.
Taqdimotda zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini yana-da kengaytirish bo‘yicha istiqbolli loyiha ham ko‘rib chiqildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyiha doirasida neftni zamonaviy qayta ishlash va neft-kimyo texnologiyalarini joriy etish, yangi texnologik qurilmalarni barpo qilish rejalashtirilgan.
Natijada zavodda ishlab chiqariladigan neft mahsulotlarining umumiy yillik hajmini hozirgi 2,1 million tonnadan 4,6 million tonnaga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ladi. Jumladan, avtobenzin ishlab chiqarish 2,7 million tonnaga, dizel yonilg‘isi 1,24 million tonnaga, aviakerosin 500 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, benzol va boshqa neft-kimyo mahsulotlarini o‘zlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyatlari kengayadi.
Loyihani amalga oshirishda Xitoy, Fransiya, AQSh va Ozarbayjonning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilmoqda. Qurilish ishlarini 2028-yilda boshlash mo‘ljallangan.
Taqdimot davomida loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish hamda yuqori sifatli va raqobatbardosh neft mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi