“Hello Magyar”: G20 iqtisodiy kun tartibi O‘zbekiston islohotlari bilan hamohang bo‘ldi

Avgust 03, 2026. 14:00 • 2 daq

78
“Hello Magyar”: G20 iqtisodiy kun tartibi O‘zbekiston islohotlari bilan hamohang bo‘ldi

BUDAPESHT, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Hello Magyar” nashrida “G20 va O‘zbekiston: yangi iqtisodiy voqelikda investitsiyalar, sanoat va savdo” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi G20 doirasida ilgari surilayotgan barqaror rivojlanish, sanoatni modernizatsiya qilish, energetika transformatsiyasi, xalqaro savdo va raqamlashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar bilan hamohang ekani tahlil qilingan.

Nashrda yozilishicha, V Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilda mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sgani, 43 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb etilgani va 2026 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilayotganini maʼlum qilgan.

Shu bilan birga, ingliz umumiy huquqi tamoyillari asosida faoliyat yuritadigan Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi investitsiya muhitini yana-da takomillashtirishga xizmat qilishiga eʼtibor qaratilgan.

Muallif sanoat sohasida qo‘shilgan qiymat hajmini kamida 60 milliard dollarga yetkazish hamda joriy yilda umumiy qiymati 52 milliard dollar bo‘lgan 782 ta yangi loyihani amalga oshirish rejasiga alohida to‘xtalgan. Muhim mineral resurslarni mamlakat ichida chuqur qayta ishlash tizimini shakllantirish O‘zbekistonning uzoq muddatli raqobat ustunliklaridan biri sifatida baholangan.

Maqolada qayd etilishicha, 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 32,8 milliard dollarga yetgan, oltin hisobga olinmagan eksport hajmi esa 29,4 foizga oshgan. Mamlakatning asosiy tashqi savdo sheriklari sifatida G20 davlatlari — Xitoy, Rossiya, Turkiya, Fransiya, Koreya Respublikasi va Germaniya qayd etilgan.

Nashr, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoni yakuniy bosqichga yaqinlashganini eslatadi. Xususan, joriy yil iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSH Savdo vakili Jeymison Grir bilan uchrashuvida Amerika tomoni ushbu jarayonni rasman qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

“G20 doirasida ilgari surilayotgan investitsiyalar, sanoat siyosati, savdo integratsiyasi va iqtisodiy sheriklikka oid yondashuvlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohang bo‘lib, Markaziy Osiyoni jahon bozorlarini bog‘lovchi muhim iqtisodiy ko‘priklardan biriga aylantirmoqda”, - deya yakunlagan “Hello Magyar”.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish