“Associated Press Of Pakistan” AA: O‘zbekistonda hukumat qarori bilan ekologik, ijtimoiy va boshqaruv standartlarini joriy etish tartibi belgilandi

Iyul 18, 2026. 10:00 • 3 daq

23
“Associated Press Of Pakistan” AA: O‘zbekistonda hukumat qarori bilan ekologik, ijtimoiy va boshqaruv standartlarini joriy etish tartibi belgilandi

ISLOMOBOD, 18-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press Of Pakistan” axborot agentligi “Yashil iqtisodiyot, ijtimoiy barqarorlik va shaffof boshqaruv: O‘zbekiston taraqqiyotining yangi formulasi” sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ekspertlari maqolasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish siyosati, barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlar, “yashil” taksonomiya, MRV tizimi, davlat ishtirokidagi korxonalarning ESG hisobotdorligi, ijtimoiy himoya, mahalla institutini rivojlantirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari davlat siyosatining yagona va o‘zaro uyg‘un tizimini shakllantirayotgani taʼkidlangan.

Maqolada yozilishicha, ESG tamoyillarini institutsional jihatdan yana-da mustahkamlashning yangi bosqichi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilab berildi. Ushbu hujjat ekologik, ijtimoiy va shaffof boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish, ESG hisobotlarini tayyorlash hamda barqaror rivojlanishga oid axborotlarni oshkor etish tartibini tasdiqladi. Shu tariqa, O‘zbekistonda ESG umumiy strategik yondashuvdan amaliy ijro, monitoring va hisobot berishning aniq mexanizmiga aylanmoqda.

“Eng rivojlangan yo‘nalish, avvalo, ekologik yo‘nalish hisoblanadi. Suv resurslari tanqisligi, iqlim o‘zgarishiga yuqori darajada taʼsirchanlik, Orol fojiasining oqibatlari va energetika sohasini modernizatsiya qilish ehtiyojini inobatga olganda, O‘zbekiston uchun “yashil” iqtisodiyotga o‘tish obyektiv zaruratdir”, – deyilgan maqolada.

ESG kun tartibining samaradorligini taʼminlashda boshqaruv sifati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugungi kunda investorlar ishonchi nafaqat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga, balki davlat institutlarining shaffofligi, korporativ boshqaruv sifati, axborotlarning ochiqligi va davlat siyosatining barqaror hamda prognoz qilina olish xususiyatiga ham bog‘liq.

Bu yo‘nalishda O‘zbekiston sezilarli natijalarga erishmoqda. Davlat organlari faoliyatini KPI ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi, raqamli monitoring, korrupsiyaga qarshi kurash siyosati, davlat ishtirokidagi korxonalarning ESG hisobotdorligi, shuningdek, issiqxona gazlari chiqindilari hamda ESG ko‘rsatkichlarini hisobga olish uchun iqlim va ESG sohasidagi milliy o‘lchash, hisobot berish va verifikatsiya (MRV) tizimi izchil rivojlantirilmoqda.

“O‘zbekiston uchun ESG tashqi chaqiriq yoki shior emas, balki mamlakat taraqqiyotining ichki mantig‘i hisoblanadi. U iqtisodiy o‘sishni masʼuliyat bilan, investitsiyalarni ishonch bilan, islohotlarni hayot sifati bilan, milliy manfaatlarni esa yangi jahon iqtisodiyoti talablari bilan uyg‘unlashtiruvchi samarali mexanizm vazifasini bajaradi”, – deya qayd etgan axborot agentligi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish