“Orta Lectura”: O‘zbekiston xavfsiz sayyohlik yo‘nalishi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda
Avgust 26, 2026. 11:00 • 2 daq
• 91
MADRID, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “Orta Lectura” nashrida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston turli nufuzli xalqaro reytinglarda hamda xorijiy davlatlarning sayyohlar uchun tavsiyalarida yuqori xavfsizlik darajasiga ega mamlakatlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
World Justice Project (WJP) tomonidan eʼlon qilingan “Rule of Law Index 2025” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Tartib va xavfsizlik” ko‘rsatkichi bo‘yicha 143 ta mamlakat orasida 17-o‘rinni, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi 15 ta mamlakat orasida esa 1-o‘rinni egalladi.
WJP indeksi 215 mingdan ortiq fuqarolar hamda 4 ming 100 nafardan ziyod huquqshunos va ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
“Gallup” kompaniyasining “2025 Global Safety Report” maʼruzasida taʼkidlanishicha, O‘zbekiston aholisining 86 foizi kechasi yolg‘iz yurganda o‘zini to‘liq xavfsiz his qiladi. Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha o‘rtacha 73 foizlik darajadan sezilarli darajada yuqoridir. Shu bilan birga, “Law and Order Index”ning kengroq ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimiz 100 dan 91 ball to‘pladi.
Institute for Economics & Peace tomonidan tuziladigan “Global Peace Index 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 30 pog‘onaga yaxshilab, 163 ta mamlakat orasida 1,726 ko‘rsatkich bilan 37-o‘ringa ko‘tarildi. 2026-yilgi rasmiy hisobotda mamlakatimiz tinchlik ko‘rsatkichlari eng yuqori surʼatda yaxshilangan davlatlar qatoriga kiritildi.
AQSh Davlat departamenti “Travel Advisories” tizimida O‘zbekistonga “Level 1 – Exercise Normal Precautions” darajasini, yaʼni “Odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish” tavsiyasini bergan. 2026-yil yanvarda yangilangan tavsiyanomada xavf darajasi oshirilmadi. Bu AQSh Davlat departamenti tomonidan xalqaro sayohatlar uchun belgilanadigan eng past xavf darajasi hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi