AQSHdan O‘zbekistondagi HUMO va UZCARD kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoni yaratildi

Avgust 26, 2026. 17:00 • 2 daq

17
AQSHdan O‘zbekistondagi HUMO va UZCARD kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoni yaratildi

VASHINGTON, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida AQSHda vatandoshlarga HUMO va UZCARD bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkonini beruvchi yangi raqamli servis ishga tushirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yangi xizmat Qo‘shma Shtatlardagi ko‘p ming kishilik o‘zbek diasporasi uchun mamlakatimizning qutlug‘ bayramiga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi. Servis asli o‘zbekistonlik tadbirkorlar Xusrav Mahmudov va Akmal Abdullayev tomonidan Nyu-Yorkda yaratilgan uPay.net fintex platformasi asosida joriy etildi.

Loyiha, avvalo, xorijda yashab, mehnat qilayotgan hamda O‘zbekistondagi oilasi bilan doimiy aloqada bo‘lib kelayotgan hamyurtlarimizga mo‘ljallangan.

Shu vaqtga qadar uPay.net foydalanuvchilari AQSHdan turib O‘zbekistondagi mobil aloqa, internet, kommunal va boshqa kundalik xizmatlar uchun masofadan to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin edi. Endilikda platforma imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi – foydalanuvchilar AQSHdan HUMO va UZCARD milliy to‘lov tizimlari kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Barcha operatsiyalar raqamli formatda amalga oshiriladi. Kompaniya vakillarining maʼlum qilishicha, yangi xizmatni ishlab chiqish va joriy etish jarayonida AQSH va O‘zbekistonning moliyaviy tartibga solish talablariga rioya etish, tranzaksiyalar xavfsizligini taʼminlash hamda foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun zarur bank, texnologik va komplayens infratuzilmasi shakllantirilgan.

Loyihani rivojlantirish jarayonida uning tashabbuskorlari O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi va vatandoshlar tashkilotlari bilan ham aloqa o‘rnatdi. Muloqotlar davomida o‘zbek diasporasining ehtiyojlari, shuningdek, talab yuqori bo‘lgan raqamli servislarni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

AQSHdan pul o‘tkazmalarining yo‘lga qo‘yilishi loyihani yana-da rivojlantirishning birinchi bosqichi sifatida qaralmoqda. Kelgusida pul o‘tkazmalari geografiyasini kengaytirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy qilish hamda xorijda yashovchi o‘zbekistonliklar va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari vakillari uchun xizmatlarni yana-da takomillashtirish rejalashtirilgan.

Tashabbusning aynan O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi nishonlanayotgan kunlarda ishga tushirilishi unga alohida ramziy maʼno bag‘ishlaydi. AQSHdagi vatandoshlarimiz tomonidan yaratilgan ushbu raqamli servis o‘zbek diasporasining Vatan bilan aloqalarini mustahkamlashning yana bir amaliy vositasiga aylanib, O‘zbekistondagi yaqinlarini tez, qulay va zamonaviy usulda qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish