Yekaterinburgda og‘ir ahvolga tushib qolgan hamyurtimizga vataniga qaytishda yordam ko‘rsatildi

Avgust 26, 2026. 18:00 • 2 daq

83
Yekaterinburgda og‘ir ahvolga tushib qolgan hamyurtimizga vataniga qaytishda yordam ko‘rsatildi

YEKATERINBURG, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi tomonidan ushbu hududda og‘ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, yaqinda Bosh konsulxonaga Navoiy viloyatida tug‘ilgan hamyurtimiz O.V.ning bir necha kundan buyon turar joysiz qolgani, yashash uchun zarur sharoitlar mavjud emasligi sababli ko‘chada tunlashga majbur bo‘layotgani haqida maʼlum qilindi. Shundan so‘ng, murojaat diplomatlar tomonidan zudlik bilan o‘rganilib, vatandoshimiz bilan konsulxonada suhbat o‘tkazildi.

Uning shaxsi va yuzaga kelgan holatlar aniqlangach, konsullik xodimlari fuqaroning yaqinlari bilan bog‘landi hamda uni doimiy yashash joyiga xavfsiz qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Bosh konsulxona ko‘magida hamyurtimizga Yekaterinburg–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta xarid qilinib, uning Vatanga xavfsiz qaytishi taʼminlandi.

Bosh konsulxona xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining yaqindan yordam berish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va zarur konsullik ko‘magini ko‘rsatish borasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish